English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali natijaga erishiladi
15:26 / 2025-12-25

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jamiyatning eng og‘riqli va jiddiy muammolaridan biri. Jismoniy, ruhiy yoki ma’naviy zo‘ravonlik bolaning sog‘lom rivojlanishi, ta’lim olishi va kelajakda komil inson bo‘lib yetishishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish nafaqat huquqiy choralar, balki oila, ta’lim muassasalari va jamoatchilikning hamkorlikdagi mas’uliyatini talab etadi.

Soha vakillarining ta’kidlashicha, dunyo bo‘ylab har yili bir milliarddan ortiq bola jismoniy, ruhiy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi. Bunday holatlar bolaning sog‘lig‘i, ruhiy holati va kelajakdagi rivojiga uzoq muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘nggi so‘rovlar natijalariga ko‘ra, 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ko‘pi ota-onalar tomonidan turli shakldagi zo‘ravonlikka duch kelgan. Bu masala nafaqat bolalarni himoya qilish, balki sog‘liqni saqlash, ta’lim va barqaror rivojlanish bilan ham bevosita bog‘liq.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 24 dekabrdagi  “2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida bir qancha vazifalar belgilab berildi.

Xususan, 2026 yil 1 fevraldan boshlab, zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi.

–Har qanday zo‘ravonlik bolaning ruhiy holatiga chuqur iz qoldiradi va uning kelajakdagi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, –deydi UNICEF'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Bolalarni himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Antoniya Lyudeke. – Ko‘p hollarda bolalar o‘zlari duch kelayotgan zo‘ravonlik haqida ochiq gapira olmaydi, shuning uchun kattalarning e’tibori va hushyorligi juda muhim. Bolani tinglash, uni qo‘llab-quvvatlash va xavfsiz muhit yaratish orqaligina biz ushbu muammoning oldini olishimiz mumkin.  

O‘zbekistonda qabul qilingan strategiya bolalarni himoya qilish sohasida kompleks va uzoq muddatli yondashuvni aks ettiradi. Bu hujjat mamlakatning kelgusi yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasidir. U nafaqat oqibatlar bilan kurashishni, balki zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan samarali choralarni ham o‘z ichiga oladi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali har bir bola xavfsiz, himoyalangan va zo‘ravonlikdan xoli muhitda ulg‘ayishini ta’minlash mumkin.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA