Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birgalikda harakat qilsak, gender tenglik orzu emas, balki hayotiy haqiqatga aylanadi
12:12 / 2025-10-17

Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan Ayollar bo‘yicha Global yetakchilar yig‘ilishi gender tenglikni ta’minlash, ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan xalqaro maydon sifatida e’tibor qozondi. Mazkur tadbir 30 yil avval, 1995 yil Xitoyda o‘tgan BMT To‘rtinchi jahon xotin-qizlar konferensiyasining davomi sifatida tashkil etildi. Anjumanda qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va harakat platformasi ayollar huquqini himoya qilish, gender tenglik va ijtimoiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha jahon miqyosidagi asosiy hujjatga aylandi.

Yig‘ilishda raqamli tengsizlik, iqtisodiy imkoniyat, ayollarning davlat boshqaruvi va qaror qabul qilish jarayonidagi ishtiroki kabi mavzular muhokama qilindi. Sammitda XXR Raisi Si Szinpin nutq so‘zladi. U 2015 yil BMT minbaridan ham ayollar rivoji bilan iqtisodiy taraqqiyot uyg‘un bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi.

Soha vakillari so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab ayollar huquqini himoya qilish bo‘yicha ulkan o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, onalar o‘limi darajasi uchdan bir qismga kamaygan. Aksariyat mamlakatlar parlamentida ayollar soni ikki barobar ortgan. 30 yil avval bor-yo‘g‘i 12 davlatda 354 ta zo‘ravonlikka qarshi qonun mavjud bo‘lgan. Hozir esa 193 davlatda jami 1 583 ta gender zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilingan.

Xitoyda ham ayollar oliy ta’lim muassasalari, ilm-fan sohasi va tadbirkorlikda faol. Mamlakat qonunchiligi va siyosiy tizimi ayollar uchun qulay muhit yaratadi.

Xo‘sh, bu borada O‘zbekistonda mavjud vaziyat qanday? Xalqaro sammitda ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “Inson qadri”ni ulug‘lash tamoyili asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz taraqqiyot strategiyasida oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar asosiy maqsad sifatida belgilangan. “O‘zbekiston-2030” strategiyasida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquqi va qonuniy manfaatini ta’minlash, jumladan iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilangan O‘zbekiston modeli izchillik bilan joriy etilmoqda.

Barqaror rivojlanish maqsadida 2030 yilgacha gender tenglikni ta’minlash strategiyasi amalga oshirilishi tufayli davlat va jamiyat boshqaruvida ayollar ulushi 35 foizdan ortdi. Oila farovonligida uy-joy bilan ta’minlash, ona va bola salomatligini mustahkamlash, yoshlar, ayniqsa qizlarni ta’limning barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha davlat dasturlari samarali tizimga aylandi. Bu borada mamlakatimizda Oila farovonligiga erishish milliy dasturi ishlab chiqildi.

So‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga ko‘tarildi. Xotin-qizlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 54 foizga yetdi. Bu jarayonda ijtimoiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga davlat tomonidan alohida yordamlar ajratilib, davlat granti ikki barobar, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun kvota besh barobar oshirildi.

Ayollar uchun foizsiz ta’lim kreditlari joriy etilib, magistraturada ta’lim olish to‘lovi davlat byudjeti hisobidan, qaytarish shartisiz qoplab berilmoqda. Buning natijasida oliygohlarda magistrlarning 64 foizdan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilib, “Mahallabay” ishlash tizimi orqali har bir xonadon, har bir oila bilan invididual ishlanmoqda, ayollar daromadini oshirish uchun zarur resurslar ajratilmoqda.

Shu bilan birga dunyoda hamon 600 milliondan ziyod xotin-qiz mojarolar ta’sirida, 2 milliarddan ziyod ayol ijtimoiy himoyasiz holda yashamoqda. Bu esa uzluksiz harakat, hamkorlik va hamjihatlikni talab qiladi. Ayollar o‘z kelajagini belgilaydigan va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqaradigan dunyo qurish – barchamiz uchun umumiy maqsad. Shu ma’noda Pekindagi anjuman ham ayollar huquqi inson huquqining ajralmas qismi ekanini namoyon etdi.

Muhayyo Toshqorayeva, Iskandar Ismatov (video), O‘zA

Pekin, Xitoy