Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Birgalikda bir maqsad sari
16:20 / 2026-01-23

Samarqandda o‘tkazilayotgan umummilliy “AI Hackathon”ning navbatdagi bosqichi qizg‘in davom etmoqda.

Ushbu loyihaning asosiy maqsadi — tibbiy texnologiyalar, kiberxavfsizlik, ta’lim texnologiyalari, tadbirkorlik hamda internet tarmog‘idagi taqiqlangan vositalar aylanishini nazorat qilish sohalarida islohotlarni jadallashtirishdan iborat.  

– Samarqand viloyatidagi navbatdagi bosqichda 400 nafardan ortiq yosh mutaxassisdan iborat 50 jamoa ro‘yxatdan o‘tgan edi, – deydi IT-park startap loyihalar oqimini ta’minlash bo‘limi bosh menejeri Usmon Rahimjonov. – Ularga dastlab belgilangan besh yo‘nalish bo‘yicha mentorlar tomonidan interaktiv o‘quv dasturlari o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘z qiziqishlariga ko‘ra yo‘nalishlarni tanlagan holda mavjud muammolarga raqamlashtirish orqali eng samarali yechimlar ustida loyiha takliflarini tayyorlashdi. Loyihaning dastlabki bosqichlarida jamoalarning loyihalari malakali mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, har bir yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshi beshtadan loyiha saralanib, yakuniy bosqichda 25 jamoa o‘zaro raqobatlashmoqda. Maqsad nima, degan haqli savol tug‘iladi. Bugun dunyo raqamlashtirish davrida. Biz zamon bilan hamnafas rivojlanishimiz uchun yoshlarimizning ushbu yo‘nalishdagi salohiyatidan unumli foydalangan holda sohalarni rivojlantirib borishimiz lozim.  “AI Hackathon”ning ma’nosi ham birgalikda ma’lum muammolarga ijobiy yechimlarni topishdan iborat. O‘ylaymanki, ishtirokchilarimizning tibbiy texnologiyalar, kiberxavfsizlik, ta’lim texnologiyalari, tadbirkorlik hamda internet tarmog‘idagi taqiqlangan vositalar aylanishini nazorat qilish sohalari bo‘yicha taklif etayotgan loyihalari keyingi davrda mamlakatda raqamlashtirish jarayonining samarali amalga oshirishga munosib xizmat qiladi.

Loyiha soha mutaxassislari va axborot texnologiyalari sohasida ishlaydigan yoshlarni birlashtirib, tibbiy texnologiyalar, kiberxavfsizlik, ta’lim texnologiyalari, tadbirkorlik hamda internet tarmog‘idagi taqiqlangan vositalar aylanishini nazorat qilish sohalari uchun zamonaviy raqamli yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan.

[gallery-27270]

– Jamoamiz bilan “AI Hackathon”da “testmakon.uz” loyihamiz bilan ishtirok etayapmiz, – deydi “AI club” jamoasi a’zosi G‘olibjon Davronov. – Bu loyihaning asosiy maqsadi abituriyentga fanlar bo‘yicha egallagan bilimlari orqali qaysi oliy o‘quv yurtiga kirishi mumkinligini aniqlab beradi. To‘g‘risini aytsam, o‘zim to‘rt yil davomida oliy o‘quv yurtiga kirolmay sarson bo‘lganman. Abituriyentlik davrining achchiq-chuchugini yaxshi bilganim holda jamoadoshlarim bilan shu loyihaga qo‘l urdik. Hozir IT sohasida 4 yillik tajribaga egaman. Kuzatishlarim davomida aynan bizning yo‘nalishdagi loyihalarning barchasi faqatgina test sotishga ixtisoslashganligiga guvoh bo‘ldik. Bizning loyihamiz abituriyentning tanlagan fani bo‘yicha ta’lim darajasi qanday ekanligini aniqlab, uning ma’lum hududlar bo‘yicha qaysi pog‘onada ekanligini ko‘rsatgan holda dunyo bo‘yicha qaysi oliy ta’lim muassasalarida, qaysi mutaxassisliklarda ta’lim olish imkoni borligini aniqlab beradi. Menimcha, bu loyiha ko‘pchilik yoshlarimiz uchun juda qo‘l keladi. Chunki, ko‘pchilik yoshlar o‘z bilim darajasini baholay olmay ta’lim muassasasini, mutaxassislikni tanlashda qiyinchiliklarga duch keladi. Ayni vaziyatda bizning loyihamiz ularga munosib yo‘l ko‘rsatadi. Loyihamiz yoshlar ishlari agentligi loyihalar ofisi ko‘magida yaratilganligini alohida ta’kidlab o‘tishimiz zarur. Ularning qo‘llab-quvvatlashi loyihamizni yanada samarali bajarilishini ta’minlamoqda.

Umummilliy “AI Hackathon” joriy yilning dekabr oyida yakunlanishi belgilangan. Unga qadar har bir yo‘nalish bo‘yicha bittadan eng munosib loyihalar hududlar bo‘yicha final bosqichiga taqdim etiladi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan final bosqichida respublika bo‘yicha eng yaxshi sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalar saralanadi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari