Munosabat
Bugungi globallashuv jarayoni jadal kechayotgan bir davrda barqaror rivojlanishga erishish barcha davlatlar va jamiyatlar oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Barqaror rivojlanishning asosiy tayanch omillari sifatida tinchlik, xavfsizlik va o‘zaro ishonchning mustahkamlanishi alohida o‘rin tutadi.
Prezidentimiz Ashxobod shahrida Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili”, deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Turkmanistonni doimiy betaraflikning 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, ushbu qutlug‘ sana yon qo‘shnimizning dunyoning barcha mamlakatlari bilan tinch, ishonchli, do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo sodiq bo‘lib kelayotganini o‘zida mujassam etishini alohida qayd etdi.

Mamlakatimiz yetakchisi Yangi O‘zbekiston uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyatlar ekanligini ta’kidladi. Buning tasdig‘i sifatida umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlik bo‘yicha Samarqand tashabbusi ilgari surilganini keltirish mumkin. Ushbu tashabbus insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilganligini e’tirof etdi.
Bugungi kunda har bir davlatning tinchligi boshqa mamlakatlar xavfsizligi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali global barqarorlikka erishish mumkin. Yurtboshimiz o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan gumanitar hamkorlikni ilgari surish muhimligini ta’kidlab, kelgusi yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish va “Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qildi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston – dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyor. Shu orqali barqaror rivojlanishning asosiy garovi – bu tinchlik, xavfsizlik va jamiyatdagi o‘zaro ishonchga asoslanadi.
Ibrohim Otamirzayev,
Namangan davlat universiteti jinoyat huquqi va protsessi
kafedrasi mudiri, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA.