Xalqaro ekspertlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga bu galgi amaliy tashrifini uchrashuvlarga nihoyatda boy va samarali bo‘lgani bilan tarixiy ahamiyatli, deb baholamoqda.
Bunga asoslar bor. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralarida qatnashib, nutq so‘zladi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan 18 ta muhim nufuzli uchrashuv o‘tkazdi.
Alohida e’tirofli bir jihat borki, uni har birimiz faxr bilan tilga olsak arziydi. Bu – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishchanlik quvvati. Bugun dunyo siyosatchilari ko‘tarinki ruhda va tig‘iz kun tartibi bilan ishlaydigan Shavkat Mirziyoyev fenomenini qabul qila boshladi. Bu davlatimiz rahbarining xorijga tashriflari chog‘ida ham namoyon bo‘lmoqda. Ya’ni, mamlakatimiz yetakchisi kun tartibidan o‘rin olgan uchrashuvlarni qanchalik ko‘p belgilamasin, xalqaro protokol shu ishchan kayfiyatga moslashmoqda. Bu yangi O‘zbekiston Prezidentining siyosiy yetakchilik qobiliyati dunyo miqyosida tan olinayotganidan dalolat beradi.
Bu xalqaro e’tirofning bir tomoni edi. Ikkinchi muhim jihati davlatimiz rahbarining umummintaqaviy, umumbashariy global muammolarni dadil ko‘tarib chiqib, ularning aniq yechimlarini ham bildirayotganida ko‘zga tashlanadi.
Hozir shu takliflarning bittasi, xususan, yoshlar siyosatiga doir tashabbuslar, takliflar va ularning yechimlari bilan bog‘liq sa’y-harakatlar haqida fikrlashamiz.
“Sizlarni O‘zbekistonda kutib qolamiz”
Amaliy tashrif doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz hamda ushbu mamlakatning yetakchi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.
Ochiq va jonli muloqot shaklida o‘tgan tadbirda davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida so‘zlab berdi, mamlakatimiz modernizatsiyasiga ko‘maklashishda vatandoshlarimizda ulkan salohiyat borligiga e’tibor qaratdi.
– Biz ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyotda olib borayotgan yangilanishlar natijasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida his qilishi kerak. Sizlardek xorijda o‘qigan, yirik kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirgan yuqori malakali mutaxassislar ham yurtimizga qaytib kelishi va butun salohiyati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ishtirok eta olishlari uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak. Bugun shu yerdagi har bir o‘zbekistonlikda kuchli Vatan hissi va uning rivojiga hissa qo‘shish ishtiyoqini ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Sizlarni O‘zbekistonda kutib qolamiz, – dedi Prezidentimiz.
Ta’kidlash joizki, mazkur uchrashuv “Yangi O‘zbekiston orzusi” ruhida o‘tdi. Unda ishtirok etgan iqtidorli yoshlarimizning har biri o‘z orzu-umidlari, kelajak rejalari, mamlakatimizni rivojlantirish yo‘lidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. E’tiborlisi, Prezident Shavkat Mirziyoyev “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magi bilan AQSHda tahsil olayotgan yigit-qizlarimizning har biri bilan alohida suhbatlashishga vaqt topdi.
To‘rt soatdan ziyodroq davom etgan uchrashuvda yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan katta va keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyati muhokama qilindi. Yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘lqinlanib gapirildi.
Uchrashuv tafsilotlarini televizor orqali kuzatib turar ekanmiz, yurt kelajagi bo‘lgan yoshlarimizdan ko‘nglimiz to‘ldi. Ularning shijoatidan qalbimizda shijoat alangalana boshladi.
Yana bir faxr hissini aytish joiz bo‘ladi. Aslida davlat rahbarlarining xorijga tashriflari nihoyatda aniq belgilangan bo‘ladi. Har bir uchrashuv va muzokaralar oldindan jiddiy kelishiladi. Shu bois, Prezidentning xorijdagi vatandoshlar va o‘z mamlakatlari yoshlari bilan uchrashuvi tarixda ko‘p ham kuzatilavermaydigan hodisa sifatida baholanadi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston yoshlari va xorijdagi vatandoshlarimizga havas qilsak arziydi. Chunki Prezident Shavkat Mirziyoyev uzoq xorij davlatlariga safari chog‘ida har doim ular bilan uchrashishga intiladi, Vatandan uzoqda qanday yashayotgani, qanday tahsil olayotgani, ularni nimalar qiynayotgani, kamchiliklar bor-yo‘qligi bilan qiziqadi.
Bu hali hammasi emas...
Yana bir e’tiborli va e’tirofli jihat bor. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro nufuzli minbarlarda mintaqamiz va butun dunyo yoshlarining bugungi va kelajak hayoti haqida ham doim qayg‘urib keladi.
BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ham shunday bo‘ldi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida yoshlarga doir ikkita muhim taklifni ilgari surdi.
Birinchi: BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, boshqa mintaqalarning ilg‘or tajriba va yutuqlarini o‘rganishdan manfaatdor ekanimizni ta’kidlagan Prezidentimiz, BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tuzish taklifini ilgari surdi.
Ikkinchi: mazkur ishchi guruh doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Har ikki taklifning ahamiyati haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, shuni aytish joizki, ekstremizm balosi, yoshlar radikallashuvi faol kuzatilayotgan bugungi zamonimizda fojiali illatlarga qarshi birgalikda kurashish talab etilmoqda.
Shu ma’noda, mintaqa yoshlarini bir platforma va bir maqsad atrofida birlashtirishda bosh-qosh bo‘ladigan ishchi guruh tuzilishi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ishchi guruh mintaqa yoshlarini qiynab kelayotgan, ularning rivojlanishi uchun to‘siq bo‘layotgan yoki endigina mustaqil hayotga qadam qo‘yib, katta yo‘l boshida turgan yigit-qizlar ongini zaharlashga bo‘lgan urinishlarga qarshi mustahkam immunitet hosil qilishga ko‘maklashadi, albatta.
Bunga yondash tomondan esa, “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini amalda qo‘llash mintaqada birdamlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod bir maqsad yo‘lida birlashib, ertangi porloq hayotimiz uchun intilishiga katta yo‘l ochadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifi va uning doirasida ummon ortida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” stipendiatlari, vatandoshlarimiz bilan uchrashuvi, BMT minbaridan turib bildirilgan tashabbuslar mintaqamiz hamda mamlakatimiz yoshlari hayotida yangi sahifa ochishi shubhasiz.
Sherzod Mirzanov,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va
sport universitetining birinchi prorektori,
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
O‘zA