Sirdaryo viloyatida “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining Sirdaryo viloyati hududiy quyi tizimi boshqaruv organlari, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuch hamda vositalarining aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishdagi harakatlari” mavzusida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi tashkil etildi.
Mazkur mashqning asosiy maqsadi – aholini va favqulodda vaziyatlarda harakat qiluvchi idora va tashkilotlarning tajribasini oshirish, xavfli holatlar yuz berganda ularning hamkorlikda tezkor, muvofiqlashtirilgan va aniq harakat qila olish qobiliyatini sinovdan o‘tkazishdan iborat.
– Uch kun davom etgan mashqlar jarayoni 13 ta o‘quv nuqtalarini qamrab olgan holda amalga oshirildi. Favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlarining turli korxona va idoralar bilan o‘zaro hamkorligi, kuch va vositalarning samaradorligi, hodisalar oqibatini bartaraf etishdagi qobiliyatlari tahlil qilindi, – deydi Sirdaryo viloyati FVB boshlig‘i o‘rinbosari Asror Gazixojoyev.
O‘quv mashqlari doirasida turli ssenariylar asosida amaliy harakatlar qo‘llanildi. Guliston shahrida favqulodda holat yuzasidan “O‘zbektelekom” AK orqali Sirdaryo viloyati boshqaruv organlari, tibbiy va qutqaruv xizmati, tez yordam hamda boshqa tizimlarga axborot yetkazish tartibi sinovdan o‘tkazildi.
Mirzaobod tumanidagi “Navro‘z” mahallasida esa viloyat boshqaruv organlari va FVDqT xizmatlari rahbarlari ishtirokida favqulodda vaziyatga oid tezkor shtab yig‘ilishi tashkil etildi. Shuningdek, viloyat mexanizatsiyalashgan ishlar yig‘ma jamoasi va turli xizmatlarning kuch va vositalari saf ko‘rigi o‘tkazildi. Tabiiy xususiyatga ega favqulodda vaziyat – zilzila oqibatida birinchi tibbiy yordam otryadining harakatlarini qamrab olgan maxsus-taktik mashq amalga oshirildi.
[gallery-24417]
O‘quv mashqlarining yana bir muhim qismi Xovos tumanining “Tinchlik” mahallasidagi Xovos temir yo‘l stansiyasida tashkil etildi. Bu yerda zilzila oqibatida yuzaga kelgan texnogen holatlar – yong‘in va kuchli ta’sir etuvchi zaharli moddalarning (KTZM) to‘kilishi kabi favqulodda holatlarni bartaraf etish, aholini temir yo‘l va avtobuslar orqali xavfsiz hududga ko‘chirish bo‘yicha kompleks mashqlar o‘tkazildi.
Shuningdek, Xovos tumanidagi Transport kollejida “Evakuatsiya qabul qilish punktini tashkil etish” mavzusida maxsus-taktik mashq o‘tkazildi. Evakuatsiya qilingan aholini qabul qilish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, vaqtinchalik joylashtirish va ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash bo‘yicha vazifalar amalda ko‘rsatib berildi.
Mashqlar davomida real voqelikka yaqin shartli vaziyatlar yaratildi. Barcha xizmatlar o‘zaro muvofiqlashgan holda harakat qilib, favqulodda vaziyatdagi javobgarlik, jipslik va tezkorlikni namoyon etdi. Tibbiyot xizmatlari o‘quv-mashqlar jarayonida markaziy o‘rinni egalladi. “Jabrlanuvchilar”ga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni evakuatsiya qilish va davolash muassasalariga yetkazish ishlari yuksak saviyada bajarildi. Tez yordam jamoalari voqea joyiga o‘z vaqtida yetib borib, zarur tibbiy yordamni taqdim etishda faol ishtirok etdi.
Kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar — suv ta’minoti, elektr energiyasi, tabiiy gaz va kanalizatsiya tizimlari bo‘yicha xavfli nuqtalarda shoshilinch bartaraf etish ishlariga shay ekanliklarini amalda isbotlashdi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi mutaxassislari esa aholini zararli omillardan himoya qilish, epidemik xavflarni aniqlash va zararsizlantirish bo‘yicha amaliy harakatlarni namoyon etdi.
– Veterinariya va karantin xizmati mutaxassislari hayvonlar orqali yuqishi mumkin bo‘lgan kasalliklar xavfini bartaraf etish, zararlangan hududlarni izolyatsiya qilish va nazoratga olish kabi vazifalarni amalga oshirdi, – deydi viloyat FVB axborot xizmati rahbari Davronbek Sulaymonov.
Shartli vaziyatlarda hokimliklar, ichki ishlar organlari, Mudofaa, tibbiyot, qutqaruv va boshqa tegishli idoralar birgalikda harakat qilib, xavfsizlikni ta’minlashda o‘z hissalarini qo‘shdi. Bu kabi mashqlar nafaqat xodimlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, balki butun jamiyat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Birdamlik, mas’uliyat va tayyorgarlik – bugungi mashqlarning asosiy shiori bo‘ldi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat-video) O‘zA muxbirlari