Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy tamoyili amalda
16:08 / 2021-04-30

Surxondaryo viloyatidagi mahallalarga Termiz davlat universitetining professor-o‘qituvchilari «Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy» tamoyili asosida biriktirilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizdagi har bir mahallaga «Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy» tamoyili asosida professor-o‘qituvchi va taniqli ziyolilarni biriktirish orqali ma’naviy homiy etib belgilash g‘oyasini ilgari surgan edi.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Termiz davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ham o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda bo‘lib, uyushmagan yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etmoqda. To‘garaklarga jalb qilib, bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazish choralarini ko‘rayotir.

Viloyatdagi eng yirik oliy ta’lim muassasasining o‘zbek filologiyasi fakulteti Termiz shahridagi Abdulla Avloniy mahallasiga ma’naviy homiy etib biriktirildi. Fakultetning professor-o‘qituvchilari mahalla fuqarolar yig‘ini hamkorligida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, chora-tadbirlar rejasi, yo‘l xaritasini tuzdi. Uyushmagan yoshlarni to‘garaklarga jalb etish uchun mahalla hududida joylashgan 2-bolalar musiqa va san’at maktabidan xona ajratilib, ona tili va adabiyoti fanidan repititorlik kurslari tashkil etildi. Ushbu o‘quv kursi mashg‘ulotlari o‘zbek filologiyasi fakulteti professor-o‘qituvchi va iqtidorli talabalari tomonidan bepul amalga oshirilmoqda.

Fakultet professor-o‘qituvchilari hamda iqtidorli talabalarning uyushmagan yoshlar uchun mushoiralar, adabiy uchrashuvlar, sport bellashuvlari va boshqa ma’naviy tadbirlar tashkil etishi ham ajoyib an’anaga aylanib bormoqda.

–Har bir tadbirni qiziqarli va yoshlar uchun foydali o‘tkazishga harakat qilayapmiz, – deydi fakultet dekani Obid Shofiyev. – Uyushmagan yoshlarimiz uchun natijador bo‘lishiga alohida e’tibor qaratayapmiz. Masalan, bu safargi tadbirga uyushmagan yoshlar qatorida hududdagi 11-maktab hamda 2-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarini ham jalb etdik. Tashkil etilgan mushoirada uyushmagan yoshlar ham qiziqish bilan ishtirok etdi. Eng faol ishtirok etgan o‘quvchilar va uyushmagan yoshlarga faxriy yorliqlar, kitoblar sovg‘a qilib, munosib rag‘batlantirdik.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz davlat universitetiga viloyat markazidagi 12 ta mahalla fuqarolar yig‘ini «Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy» tamoyili asosida biriktirilgan. Oliy ta’lim muassasasida ushbu mahallalarning uyushmagan yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Rektor kubogi» sport musobaqasida Abdulla Avloniy mahallasi jamoasi ham munosib ishtirok etib, sportning qator turlaridan faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Viloyat mahallalariga professor-o‘qituvchilar, ziyolilarning ma’naviy homiy etib belgilangani uyushmagan yoshlar ma’naviyatini oshirib, ularni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga cheksiz hurmat ruhida ulg‘aytirishga xizmat qilayotgani, bandligini ta’minlashga ko‘maklashayotgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.

 Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA