Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tubdan ta’mirlangan ikkita tibbiyot muassasasi foydalanishga topshirildi.
Shu kuni 64-oilaviy poliklinika va Chinor oilaviy shifokorlik punkti hududlar aholisiga yangilangan qiyofada o‘z eshiklarini ochdi.


Tadbirlarda keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimiga qaratilayotgan yuksak e’tibor tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirib, inson salomatligini ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Yurtimizning chekka va olis hududlarida ham tibbiyot muassasalari zamonaviy usulda jihozlanib, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani xalqimizning erkin va farovon yashashi, baxtli hayot turmush kechirishida muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.


Tumanning Shirin mahallasidagi oilaviy poliklinika 10 ming 380 dan ortiq, Boysunobod mahallasidagi oilaviy shifokorlik punkti 5 ming 300 dan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Chinor oilaviy shifokorlik punktining ochilish marosimida tibbiyot xodimlariga “Elektron poliklinika” tizimini joriy etib, xizmatlar sifatini yanada oshirish uchun zamonaviy planshet va kompyuter jamlanmalari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri