Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir yilda – 600 million so‘mlik mahsulot
16:11 / 2024-07-15

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani “Sarmozor” mahalla fuqarolar yig‘inida milliy hunarmandchiligimizning qadimiy va noyob turlaridan bo‘lgan egarsozlik bilan shug‘ullanadigan ustalar soni ancha-muncha. O‘ktam Hamroxo‘jayev ulardan biri.

O‘. Hamroxo‘jayev  sulolasi an’anasini davom ettirgan holda 24 yildan buyon shu hunari ortidan ham ro‘zg‘or tebratib, ham ko‘plab yoshlarga ustozlik qilib kelmoqda.  

– Bugungi kunda o‘ndan ortiq ot anjomlarini yasaymiz, – deydi O‘ktam Hamroxo‘jayev. – Yigirmadan ziyod shogirdlarim bor. Bu kasb boshqa hunarlarga o‘xshab bozorgir emas. Egar pishiq yasalsa, undan bir umr foydalanishi mumkin. Ammo har bir otning gavda tuzilishiga mos bo‘lishi uchun ko‘pchilik yangi ot sotib olganda yoki qadim xalq o‘yinlaridan bo‘lgan ko‘pkari musobaqalarida yangi anjomlarga buyurtma beradi. Har bir buyurtmani sidqidildan bajarib, mustahkam egar-jabduqlar yasab beramiz. Bundan tashqari etikdo‘zlikni ham yo‘lga qo‘yganmiz. Bir yilda o‘rtacha 600 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqaramiz.

[gallery-18278]

Qahramonimiz mahsulotlariga qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston hamda Qirg‘iziston Respublikalaridan ham buyurtmalar kelib turadi. 

– O‘ktam akaga shogird tushganimga endigina bir yil bo‘ldi, – deydi Murod Yusupov. – Etikdo‘zlik sirlarini o‘rganyapman. Bu yerda har bir ishchining o‘z vazifasi bor. Men etik poshnalarini tayyorlayman. Maoshimiz ishimiz hajmiga, sifatiga qarab to‘lanadi. Bir oyda o‘rtacha 7 million so‘m miqdorida maosh olyapman. Ishda asosan mahsulotning sifatiga, mustahkamligiga e’tibor qaratamiz. Asosiysi, xaridorlarimiz norozi bo‘lmasin, deymiz.  

Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA