Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir yilda 60 ming tonna shirinlik va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona
17:24 / 2018-11-23

Yurtimizda tadbirkorlarning biznes yuritishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlar natijasida korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish hajmi kengaymoqda.


Yurtimizda tadbirkorlarning biznes yuritishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlar natijasida korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish hajmi kengaymoqda. Soha zahmatkashlari ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish orqali davlat tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga harakat qilmoqda. Ayniqsa, shirinliklar, turli konfet va shokolad mahsulotlari ishlab chiqarish izchil rivojlanmoqda.

23.JPG

Ishlab chiqarilayotgan qandolat mahsulotlari orasida “Craffers” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tayyorlanayotgan shokolad va turli konfetlar isteʼmolchilarga maʼqul kelayotir. 2018 yil 5 oktyabrdan faoliyat boshlagan korxona xaridorgir shirinliklari bilan juda qisqa muddatda bozorda mustahkam oʻrin egallab ulgurdi.

5.JPG

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 26 oktyabr kuni poytaxtimizning Yunusobod tumaniga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilishi moʻljallangan loyihalar, istiqboldagi rejalar bilan tanishish asnosida sobiq “Lok-boʻyoq” zavodi oʻrnida tashkil etilgan “Craffers” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxonada ham boʻldi va fabrikaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish, bunday korxonalarni koʻpaytirish, raqobatni rivojlantirish, import boʻlayotgan boshqa mahsulotlarni ham mahalliylashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

30.JPG

Oʻtgan qisqa vaqtda mazkur korxona ichki bozorda oʻz xaridoriga ega boʻlib, mahalliy xomashyodan sifatli mahsulot tayyorlash va aholini ish bilan taʼminlash borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Endilikda bu yerda shokolad, konfet, pechenye, vafli kabi 60 dan ortiq turda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

37.JPG

Korxonada kuniga bir turdagi mahsulotdan 4 tonnagacha tayyorlanadi. Bir yilda esa jami 60 ming tonna shirinlik va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shuni inobatga olgan holda, dastavval ichki bozorni taʼminlash galdagi asosiy vazifa sifatida belgilandi. Kelgusida xorijga, jumladan, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya va Xitoy davlatlari bozoriga ham kirib borish, yiliga 10 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.

Fabrika maydoni 32 gektar. Qurilish-montaj ishlari, ishlab chiqarish uskunalari uchun qariyb 80 million dollar sarflanib, Germaniya, Shveysariya, Daniya, Italiya, Avstriya va Gollandiyadan texnologiyalar keltirib oʻrnatildi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 40 foizi mahalliy xomashyodan tayyorlanayotgan boʻlsa, kelgusida bu koʻrsatkich 60 foizga yetkaziladi.

– Qandolat uchun qoʻshiladigan maxsus kakao va “Halol” jelatinlari Kolumbiyadan olib kelinadi, – deydi korxonaning ishlab chiqarish boʻyicha direktor oʻrinbosari Bekzod Yunusov. – Sababi, tabiiy toza mahsulot turli konsentratlarsiz tayyorlanishiga erishishdir. Yaqinlashayotgan Yangi yil bayramiga korxona ham xalqimiz uchun oʻz sovgʻalarini tayyorlagan. Yangi turdagi “Xiva”, “Samarqand” va shu kabi koʻplab shokolad mahsulotlari ishlab chiqariladi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida poytaxtimizning koʻplab hududlarida maxsus savdo doʻkonlari ochiladi.

Korxonada qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish alohida tartib asosida amalga oshiriladi. Ish boshlanishi oldidan har bir xodim maxsus kiyim va niqobda boʻlishi zarur. Shuningdek, ichkariga kiruvchi eshik oldida har bir ishchi bittadan sanitar-nazorat apparatidan oʻtadi. Bu uning kamida 5 soat davomida bakteriyalardan xoli boʻlishini taʼminlaydi. Shundan soʻnggina xodim oʻziga biriktirilgan texnika oldida vazifasini bajarishi mumkin. 1000 ga yaqin xodim mehnat qilayotgan korxonada barcha sharoit yaratilgan. Xodimlarning oʻz vaqtida ishga kelishi va uylariga yetib olishi uchun maxsus avtotransport qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.

– Anchadan buyon ishga kirish ilinjida yurgandim, – deydi Shahrizoda Oripova. – Mahalladoshlarimdan biri yangi shirinlik fabrikasi ochilgani haqida aytgach, bu yerga ish soʻrab keldim. “Ertagayoq ish boshlasangiz boʻladi“, deyishganida avvaliga ishonmadim. Axir, shuncha vaqt ish izlab yursangu, birdaniga “Marhamat, mana sizga ish“ deyishsa, ishonish qiyin-da. Mana, bir oydan oshib qoldi, ishli boʻldim. Vazifam stanoklardan chiqayotgan shirinliklarni tezkorlik bilan qadoqlab borish. Kuniga ikki mahal ovqat berishadi, ish ikki smenada tashkil etilgan. Shu bois bir hafta kunduzgi, bir hafta kechki smenada ishlaymiz. Oylik maoshim yaxshi, 1 million soʻm. Roʻzgʻorga yanada baraka kirdi.

Majmuadagi barcha texnologiyalar toʻliq avtomatlashtirilgani tufayli uni Germaniyadan ham nazorat qilish imkoniyatiga ega. Aslida, bunga hojat yoʻqdek koʻrinsa ham, ishga boʻlgan masʼuliyat yuzasidan bu jihatlar alohida eʼtiborga olingan. Texnikalarning ishlab chiqarish quvvati yuqori boʻlib, birgina “Krokant” – shokolad qoplamali yeryongʻoqli konfetdan daqiqasiga 1 ming 200 tagacha, turli mevalar mazasini beruvchi “Karamel” konfetidan esa daqiqasiga 700-800 donagacha tayyorlash mumkin. Tayyor mahsulot qutilarga joylanib, maxsus omborxonaga olib boriladi.

Bir paytlar “Oq oltin”, “Qoraqum” kabi bir-biridan shirin qandolat mahsulotlari oʻrnini toʻldirish uchun oʻtgan yillar davomida koʻplab kompaniyalar tomonidan yangilik qilish boʻyicha izlanishlar olib borildi. Biroq, jahon tan oladigan, aholi eʼtirofiga sazovor boʻlayotgani kam edi. Bundan tashqari, koʻplab sovgʻalarni yutib olishga chorlayotgan ijtimoiy aksiyalarga oʻrganib, sifatli asl mahsulotlar farqiga ham bormayotgan xaridorlar tomonidan “Xorijniki baribir yaxshi, sifatli boʻladi-da”, qabilidagi fikrlarni ham kundalik hayotimizda koʻp eshitganmiz.

Bugungi kunda milliy brend darajasiga koʻtarilgan mazkur korxona tayyorlayotgan, xalqimizga hali tanish boʻlmagan qandolat mahsulotlari juda koʻp. Buni korxonaning maxsus savdo doʻkonlarida boʻlgan insonlarning oʻzlari ham koʻrib, ishonch hosil qilmoqda.

– Fabrikamiz savdo doʻkonlariga kirgan mijozlar mahsulotni xarid qilishdan avval maxsus degustator burchagida ulardan tatib koʻrishi mumkin, – deydi maslahatchi-sotuvchi Shukrullo Alimxoʻjayev. – Mahsulot xarid qilish maqsadida kelgan har bir mijoz bundan mamnun. Ular yaxshi fikr va ezgu niyatlarini bildirishmoqda. Koʻpchilik bu holatni xorij davlatlarida koʻrganini aytishadi. Mijozlarga xizmat koʻrsatishning bunday yuqori sifati ularga maʼqul boʻlmoqda. Misol uchun, yangi, tarkibida yogurt mahsuloti boʻlgan “2+2“ nomli shokoladni aksariyat xaridorlar qayta izlab kelmoqda. Ayni paytda bozori chaqqon. Har bir mijoz oʻz taʼbiga koʻra mahsulot tanlaydi, albatta. Firmamiz mahsulotlari kundan-kun ortmoqda, biz yangi mahsulotlar yaratish yoki koʻproq qaysi mahsulotni ishlab chiqarish kabi masalalarda mijozlar fikriga ham tayanamiz, bir soʻz bilan aytganda “Mijoz doimo haq!“

Avvalgilarga oʻxshamas yangicha taʼm va mazali shirinliklarni tatib koʻrgan yurtdoshlarimiz fikri bilan qiziqdik.

– Qoʻni-qoʻshnilar maqtagach, qolaversa, televizorda firma mahsulotlari reklamasini koʻrib, xuddi xorijning mashhur shokoladlariga oʻxsharkanmi, deb oʻylagandim, – deydi xaridor Nargiza Muslimova. – Bugun farzandlarim, kelinim, shirinlikka oʻch nabiralarim bilan shokolad xarid qilish uchun savdo doʻkoniga keldim. Xizmat koʻrsatish holati, hamyonbop narxlar va, albatta, mazali taʼmi bizga maʼqul. Qisqasi, bugun quchogʻimiz toʻla shirinlik bilan ketamiz, shekilli.

Bugungi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning oʻziga xos mazasi ustida xorijlik va yurtimizdagi malakali mutaxassislar ish olib bormoqda. Xalq orasida haqiqiy shokolad aslida qanday boʻlishi xususida gap ketsa, kimdir shirin boʻladi, desa, boshqasidan achchigʻi aslidir, degan gaplarni eshitamiz. Bu borada soha mutaxassislarining ham oʻziga yarasha tadqiqotlari bor. Shirinliklar orasida eng ommabopi bu, shubhasiz, shokolad boʻlib, uning bir qancha turlari mavjud. Shokoladning tarkibiy qismlari orasidagi nisbat isteʼmolchilar didining oʻziga xos xususiyatlarini aks ettiradi va ancha keng miqyosda oʻzgarib turadi.

– Qandolat mahsulotlari qabul qilingan klassifikatsiya boʻyicha qoʻllaniladigan xomashyoga, ishlab chiqarish texnologiyasi va tayyor mahsulotga qarab ikkita katta guruhga va bir qator kichik guruhlarga boʻlinadi, – deydi Toshkent kimyo-texnologiya instituti oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi kafedrasi dotsenti Gulnoza Jahongirova. – Shakarli qandolat mahsulotlariga karamel, konfet, shokolad va shokolad mahsulotlari, marmeladli mahsulotlar, holva, sharq shirinliklari, iris, draje kabilar kirsa, unli qandolat mahsulotlariga pechenye, pryanik, tort, pirojniy, vafli kabilar kiradi. Qandolat mahsulotlari assortimenti nihoyatda xilma-xil boʻlib, bugungi kunda ularning 800 dan ortiq turi mavjud. Ammo shokolad mahsulotlarining asosiy tarkibiy qismi boʻlgan shakar, maydalangan kakao va yogʻ kakao oʻrtasidagi miqdoriy nisbat maʼlum chegara bilan cheklanadi. Bizning shokolad fabrikalari assortimentida kakao mahsulotlarining haqiqiy miqdori 60 foizga, shakar miqdori esa (prima navi) 40 foizgacha yetadi. Lekin kakao mahsulotlarining bunday yuqori miqdorini chegara, deb hisoblash mumkin. Bu meʼyordan oshib ketsa, shokolad keskin ravishda bilinadigan achchiq taʼmli boʻladi. Shokolad tarkibining xalqaro meʼyorlarida juda shirin shokoladda maydalangan kakao miqdori 33 foizdan kam emas, shakar miqdori esa 57-60 foizdan kam boʻlmasligi koʻzda tutilgan. Shokoladning desertli navlari asosan yaxshilab ezilishi va pardozlovchi mashinalarda ishlov berilishi kerak.

Shirinliklarni hammadan ham koʻra bolajonlar juda yaxshi koʻradi. Savdo doʻkonlaridagi koʻzni quvnatuvchi qadoqlangan shokolad, konfet, turli pishiriqlardan oilamizga, mehmonga ketayotib sotib olish odatga aylangan. Bugun yurtimizda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish keng tarmoqli sohalardan biriga aylandi. Tarmoqdagi korxonalarni modernizatsiya qilish va yangilarini barpo etish ichki bozorni arzon, sifatli va raqobatbardosh shirinliklar bilan toʻldirish imkonini berayotir. Bu jarayonda tadbirkorlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar ularga biznes yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratmoqda.