Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir yarim oyda 10 nafar tadbirkor o‘z brendiga ega bo‘ldi
17:20 / 2022-02-17

Navoiy viloyati Adliya boshqarmasida viloyat intellektual mulk himoyasi markazi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida yurtimizda 15 fevraldan 15 martga qadar o‘tkazilayotgan “Kontrafaktsiz oy” oyligi munosabati bilan brifing o‘tkazildi. Unda markaz rahbari Rahmatullo Ibrohimov viloyatda intellektual mulk sohasini himoya qilish va kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, Navoiy viloyatida 2021 yilda jami 57 ta tadbirkorlik sub’ektining brend nomlari rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, yuzdan ortiq holatda kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilayotgani aniqlanib, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq beshta holat bo‘yicha sud tartibida ma’muriy javobgarlik belgilangan.  

– Ayrimlar bu jarayonni tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq sifatida baholashi mumkin, biroq amalda halol raqobat muhitini tashkil etgan holda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning haq-huquqlarini himoya qilayapmiz, – deydi R.Ibrohimov. – Boisi, har bir tadbirkor tovar belgisi yoki brend nomi bilan tashqi va ichki bozorda munosib o‘rin egallashga harakat qiladi. Ayrim qalbaki mahsulotlar esa ularning bu faoliyatiga to‘siq bo‘lishi mumkin. Joriy yilning o‘tgan davrida 50 ta ogohnoma, 6 ta taqdimnoma va 2 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib sudlarga yuborildi. Shuningdek, 10 nafar tadbirkorga o‘z brendiga ega bo‘lishiga ko‘maklashildi. Brifing davomida “Kontrafaktsiz oy” oyligi davomida viloyatda amalga oshiriladigan vazifalar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.  


Abduvali Bo‘riyev, O‘zA