Bir yarim asr avval ikki kilogramm shakarning bahosi uchta qoʻyga teng boʻlgan
Tabiblar uni kamyob dorilarni tayyorlashda ishlatishgan.
Qachonlardir shakar faqat boylar, oʻziga toʻq zodagonlar isteʼmol qila oladigan mahsulot boʻlgan. Tabiblar uni kamyob dorilarni tayyorlashda ishlatishgan. Bir necha yuz yillar davomida odamlar shakar isteʼmol qilishni orzu qilishgan. Bugun esa shakar kundalik isteʼmol mahsulotlarimizdan biriga aylandi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, shakarqamishdan shakar olish qadim zamonlardan beri maʼlum. Shakarni hunarmand-qandolatchilar tayyorlaganlar. XVI asrda Hindistonda sanoat yoʻli bilan shakarqamishdan shakar ishlab chiqarila boshlandi. XVIII asr oxirida esa Rossiya va Germaniyada qand lavlagidan shakar olish texnologiyasi yaratildi.
Shakarning vatani Hindiston ekani, ajdodlarimiz bu oʻlka bilan qadim zamonlardan beri savdo-sotiq aloqalarini olib borganini inobatga olsak, yurtimizda shakar isteʼmoli bir necha ming yillar oldin boshlangani ehtimol. Mazkur maqolada Vatanimiz tarixidagi shakar bilan bogʻliq ayrim voqea-hodisalar haqida soʻz yuritmoqchimiz.
SHAKAR NAVROʻZ KUNIDA PAYDO BOʻLGANMI?
Tarixchi Baxtiyor Isʼhoqovning qayd etishicha, islomga qadar boʻlgan Navroʻz bayramining oddiy xalqqa tegishli urf-odatlarida ham shakardan keng foydalanilgan. Oʻsha davrlarda Navroʻz kuni odamlar hayotingiz har doim shirin boʻlsin, degan maʼnoda bir-birlariga shakar, shirinliklar hadya qilishgan.
Abu Rayhon Beruniy bergan muhim tarixiy maʼlumotlarga koʻra, “Navroʻzning oltinchi kunida, yaʼni «Katta Navroʻz” kuni tongda… gapirishidan oldin shakar tatib, oʻziga zaytun surtgan kishilardan ana shu yilning hammasida turli balo daf etiladi». Zardushtiylik eʼtiqodidagi kishilar ushbu aqidaga qatʼiy amal qilganlar.
Rivoyatlardan birida odamlarning bir-birlariga shakarni hadya etishlari va uni bayram kunlari maxsus tatib koʻrishlari sababli ham shakar aynan Navroʻz kunida paydo boʻlgan, deyiladi. Bu rivoyat, xolos. Biroq ushbu maʼlumotdan ajdodlarining islomgacha boʻlgan davrlarda ham shakar isteʼmol qilganliklarini bilib olish mumkin. Bunga Beruniyning maʼlumotlari guvohlik beradi.
OLTI ASR OLDINGI SHAKAR KORXONALARI
Shakar isteʼmoli bilan bogʻliq yana bir qiziq holat. 1404-yilda Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo oʻz kundaliklarida Sohibqiron davriga oid qiziqarli maʼlumotlarni qayd etadi. Jumladan, Samarqandda mehmon boʻlgan Klavixo 9-oktyabr, payshanba kuni Amir Temurning katta oʻgʻli Mironshohning xotini Xonzodabegim uyushtirgan bazmga taklif etiladi. Shunda sayyohning eʼtiborini ot sutiga shakar solib tayyorlangan ichimlik – boʻza tortadi. Demak, shakar ichimlikka qoʻshilgan ekan, ehtimol saroyda uning oʻzi ham isteʼmol qilingan.
Temuriylar davrida ham Movarounnahrga shakar Hindistondan olib kelingan. Bundan tashqari Eron janubidagi Yazdda moʻl-koʻl shakar ishlab chiqarilar, bir necha shakar korxonalari bor edi. Masalan, 1427-yilning oʻzida amir Chaqmoq juda katta shakar korxonasini qurib bitirishi bilanoq shaharning atoqli boylaridan Xoja Shahobiddin shunday bir shakar korxonasini bunyod ettirgani haqidagi maʼlumotlar tarixiy manbalarda saqlanib qolgan.
Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida ham “Hindistondan oq raxt (mato) va qand va shakar va aqoqir (dorivor)” keltirilganligi qayd etilgan. Bundan tashqari, Bobur oʻzining Odinapurdagi Bogʻi Vafosini yana-da xushmanzara qilish maqsadida Hindistondan palma va shakarqamish (nayshakar) keltirib ektiradi. Badahshon va Buxoro bogʻlariga ham shakarqamish nihollaridan yubortiradi. Bu nihollar faqat xushmanzara oʻsimlik sifatida emas, balki bu yurtda shakarqamishdan shakar olishni yoʻlga qoʻyish uchun ham yuborilgan boʻlishi mumkin.
2 KILOGRAMM SHAKAR 3 TA QOʻYGA AYIRBOSHLANGAN
XVIII asrning 80–90 yillarida Rossiyadan Buxoro amirligiga boshqa mahsulotlar qatori shakar ham olib kelingan. Adabiyotlarda qayd etilishicha, 1867-yilning oʻzida Rossiyadan Turkistonga 136 ming rubllik shakar keltirilgan. XIX asr oʻrtalarida Oʻrta Osiyoga Erondan ham shakar olib kelish boshlangan. Uning bir pud (16,38 kilogramm)i Buxoroda 3 tilladan sotilgan va butun Oʻrta Osiyo bozorlariga olib ketilgan.
XIX asr oʻrtalarida Oʻrta Osiyoning turli hududlaridan qozoq ovullariga kelgan savdogarlar 5 fut (2 kilogramu 47,5 gramm) shakarni 3 ta qoʻyga baholagan. Shu asrning 80 yillari boshlarida Qarshi bozorlarida shakarning 1 pudi 8 rubl (yoki 9 rubl 40 kopeyk)dan, buyurtma asosida Buxorodan keltirilib, bir kunda 20 pudgacha sotilgan. Oʻsha vaqtda tuzning 1 pudini 10 kopeyk (yoki 12 kopeyk)dan sotib olish mumkin edi.
Buxoro uchun olib kelinadigan rus tovarlari aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib maxsus tayyorlangan. Masalan, shakar asosan tozalanmagan va 5 fut ogʻirlikda qadoqlangan holda keltirilgan. Shu tariqa, Buxoro amirligi bozorlarida Rossiyadan keltirilgan 1 pud shakar 40 tangaga sotilgan. Amirlik bozorlariga inglizlar olib kelgan 1 botmon (taqriban 131 kilogramm) shakar esa 16 tillaga pullangan.
TURKISTONDAGI ZAVODDA ISHLAB CHIQARILGAN BIRINCHI OQ SHAKAR
Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasida qayd etilishicha, 1893-yilda Rossiya Harbiy akademiyasining professori, injener-polkovnik Viktor Ivanov Toshkent viloyatida shakar zavodi qurish maqsadida “Turkiston qishloq xoʻjaligi va sanoat shirkati”ni tuzdi va Eski Qovunchi qishlogʻi (hozirgi Yangiyoʻl shahri) atrofidan 200 gektar yer olib, hosildan olingan daromadga shakar zavodi qurishni rejalashtirdi.
Qand lavlagi yetishtirishni mahalliy aholiga oʻrgatish uchun Ukrainadan 100 ga yaqin lavlagikorlar, Fargʻona vodiysidan 50 ga yaqin suvchilar jalb etildi. 1903-yil germaniyalik mutaxassislar yordamida Turkiston oʻlkasida yagona boʻlgan bu shakar zavodida ilk marotaba oq shakar olishga erishildi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Oʻzbekistonga Ukrainadan 3 ta shakar zavodi koʻchirib keltirildi va Samarqand viloyatidagi Kattaqoʻrgʻon va Zirabuloq hamda Fargʻona viloyatidagi Qoʻqonga oʻrnatildi. Yangiyoʻl zavodi bilan qoʻshib hisoblaganda bu 4 zavod har yili 200 ming tonnaga yaqin shakar ishlab chiqarib, sobiq Ittifoq aholisi va harakatdagi armiya qismlarini shakar bilan taʼminlab turdi.
Oʻzbekistonda paxta yakkahokimligi tufayli shakar ishlab chiqarish 1954–1955-yillarda 4-marta kamayib 50 ming tonnaga tushib qoldi, Markaz qarori bilan Oʻzbekistondagi shakar zavodlarining barchasi Ukrainaga koʻchirib olib ketildi. Shundan boshlab aholi isteʼmoli uchun zarur boʻlgan shakarning 100 foizi qoʻshni respublikalardan olib kelina boshlandi. Mustaqillik qoʻlga kiritilgandan soʻng Oʻzbekiston yana oʻzining shakar ishlab chiqarish zavodlariga ega boʻldi.