O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Ro‘ziqul Raimovning “Bir xatoning ming jafosi” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdimotda so‘zga chiqqan O‘zbekiston xalq shoiri, uyushma raisi Sirojiddin Sayyid O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Luqmon Bo‘rixon va boshqalar risolaning mazmun-mohiyati haqida gapirdi.
Ushbu kitobda energetika sohasi xodimlarining mashaqqatli, ammo sharafli faoliyati haqida so‘z yuritiladi. Muallif ehtiyotsizlik, loqaydlik, intizomsizlik oqibatida baxtsiz hodisalarga uchragan elektromontyorlarning ko‘ngil kechinmalarini, afsus-nadomatlarini real voqealarga asoslanib badiiy usulda ifodalaydi.

– Odatda elektr manbalari haqida so‘z ketganida, eng avvalo ko‘z o‘ngimizda ulkan GESlar, kattayu-kichik stansiyalar, simyog‘ochlar, po‘lat ustunlar, uzatma simlar jonlanadi. Hammasining ortida inson omili yotganini aslo unutmasligimiz kerak, – deydi Ro‘ziqul Raimov. –Korxonalarda, tashkilotlarda yetuk malakali mutaxassislar, muhandislar texnik xodimlar xizmat ko‘rsatishadi. Ularning mehnati og‘ir va mas’uliyatli bo‘lish barobarida ota xatarli hamdir. Bu borada Hukumatimiz tomonidan barcha muhofaza choralari ko‘rilgan. Elektr xodimlarining mehnat jarayonini xavfsiz tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqilgan.

Mazkur kitob badiiy-publitsistik nashr bo‘lib, 32 ta voqeiy hikoyalarni o‘zida jamlagan. 2021 yilda “Global books” nashriyotida tayyorlanib, “Yoshlar nigohi” XK bosmaxonasida chop etildi. Unga mas’ul muharrir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi – Luqmon Bo‘rixon, bosh maslahatchi – O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov.
Muharrir – Ma’mura Qutliyeva, badiiy muharrir – Nigora Umarqulova. Risoladan “Xotin jafo – texnika vafo”, “Armonga aylangan orzu”, “Boshliqning beboshligi”, “Falokat sim ortida”, “Tabiat qasosi” kabi ko‘plab hikoyalar o‘rin olgan.
Tadbirda professorlar Islomjon Yoqubov, Hakimjon Murodov asarda birgina qaltis qadam tufayli hayotdan ko‘z yumgan insonlar haqida o‘kinch va alam bilan so‘z yuritilgani, soha ishchi-xodimlarini ogohlikka, hushyorlikka, texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishga da’vat etishini ta’kidlab o‘tdi.

Ushbu kitob soha ishchi xodimlarini ogohlikka, hushyorlikka, texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishga da’vat etadi. Har bir satri samimiyatga, xayrixohlikka yo‘g‘rilgan mazkur asar o‘quvchilarga ega bo‘lishi shubhasiz. Ro‘ziqul Raimov to‘plamni yozish jarayonida nima uchun badiiy so‘z, badiiy ifoda usulini tanladi? Chunki, inson ko‘ngliga, inson ong-shuuriga hech narsa badiiy so‘zchalik ta’sir ko‘rsatmaydi. U kishilar yuragiga nurdek kirib boradi, qalblarni muolaja qiladi, o‘ylashga, fikr yuritishga undaydi. Asarda tasvirlangan fojeali voqealardan tegishli xulosalar chiqarishga chorlaydi
Taqdimotda muallif risola to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarga o‘z minnatdorligini bildirib, yig‘ilganlarga “Bir xatoning ming jafosi” nomli kitobidan ulashdi.
Muxlisa A’zamova,
O‘zJOKU talabasi
O‘zA