French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir Vatan, bir el, bir bayroq
15:59 / 2025-11-19

O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan sana munosabati bilan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq” shiori ostida butun yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan estafeta tadbiri Namangan viloyatida ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Xususan, bayroq davlatni xalqaro maydonda tanituvchi asosiy vositadir. Unda mamlakatning tarixi, milliy qadriyatlari, g‘oyalari o‘z ifodasini topadi. O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i ham ayni shu muhim jihatlari bilan e’tiborga molik. 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda daxldor tashkilotlar hamkorligida tashkillangan mazkur estafeta Yangi Namangan shaharchasining asosiy ko‘chasida bayramona ruhda qarshi olindi. Qo‘shni Andijon viloyatidan kutib olingan karvon Norin, Uchqo‘rg‘on, Uychi va boshqa bir qator tumanlar, Namangan shahridan o‘tib, Davlatobod tumaniga yetib keldi. 

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov davlat ramzlari, xususan, milliy iftixorimiz hisoblangan bayrog‘imiz haqida to‘xtaldi, yig‘ilganlarni shonli sana bilan qutladi. Bayram ishtirokchilari birgalikda davlat madhiyasini ijro etdi. 

[gallery-26320]

Shundan so‘ng, O‘zbekiston bayrog‘i bilan bezatilgan avtokarvonni yuzlab nuroniylar, aholi vakillari, yoshlar To‘raqo‘rg‘on tumaniga tantanali ravishda kuzatib qo‘yishdi. Estafeta tadbirida umumta’lim maktablari, Ishoqxon Ibrat nomli ijod maktabi va Namangan davlat chet tillari instituti talaba-yoshlari she’riy kompozitsiya, ko‘rgazmali harbiy chiqishlar bilan bayram shukuhini baxsh etdi. 

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.