Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir umr suv ustidagi hayot (+video)
16:56 / 2026-01-05

Dunyoning yana bir hayrat makoni Kombodjada. Suvda suzib yuruvchi va muqim turuvchi qishloqlarni ko‘rib shunday xulosaga kelasan. Mamlakat shimolidagi Siyem Rep shahridan 30-35 kilometr sharqqa qarab yursangiz, Kombodjaning Tonlesan ko‘li qirg‘oqlariga yetib kelasiz. Uni ichki dengiz ham deydilar.

Axir ko‘lning uzunligi 250, eni 100 kilometrda. Ammo gap ko‘lda emas. Unga quyiladigan daryo, irmoq va ko‘l bo‘ylarida suv ustida turadigan qishloqda. Bu yerga sayyohlarni olib boradigan maxsus qayiqlar bor. Yarim soat irmoqdan suzsangiz, suv ustidagi qishloqlardan biriga duch kelasiz. Uylar temir va yog‘ochdan qoqilgan ustunlar ustiga qurilgan. Hamma xonalar: yotoqxona, oshxona, mehmonxona hatto zaruratxonalari ham shu qoziqlar ustida. Odamlar asosan baliqchilik bilan shug‘ullanadi. Asosiy taom – suvda yashaydiganlar. Do‘konlari esa suzar qayiqlarda joylashgan. Suv loyqa, yoqimsiz hidi ham bor. Ammo bolalar unda miriqib suzaveradilar. Qishloqning maktab, politsiya, hatto ibodatxonalari ham bor. Barchasiga mashina o‘rniga qayiqlarda qatnaydilar. Maktabda bolalarga butunlay boshqa hayot haqida gapirishadi. Shuning uchun ham yoshlar o‘zga dunyo izlab ketib qoladilar. Shunga qaramay suzuvchi qishloqlarning tub aholisi hayotidan mamnun, ertasiga ishonadi.

Bu yerda yana bir holatga ko‘zimiz tushdi. Shunday sharoitda ham qishloqning boylari bor ekan. Ularning uylari ham suv ustida, qoziqlarga mixlangan. Lekin qishloqdan ayro, bir chetda. Boylar hamma yerda bo‘lar ekanda...

Suv ichidan bo‘rtib chiqqan kaftdek orol-quruqlikka ibodatxona quribdilar. Unga ham qayiqda keladilar.

Qiziq, shunday sharoitda o‘n minglab odamlar bir umr yashamoqda.  

Biz sayyohatdagi hamrohlarimizdan so‘radik, siz shu yerda yashar edingizmi? Ular shunday dedilar: bu yerda yashash uchun shu yerda tug‘ilish lozim.

Oqshom qo‘na boshladi. Dengizning ozonga boyitilgan havosidan to‘yib-to‘yib nafas olamiz. Quyosh esa o‘zga yurtlar, o‘lkalar, demakki, o‘zga hayot tarzi tomon shoshib ketmoqda.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Jwed3VObI6w" title="Bir umr suv ustidagi hayot" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, O‘zA

Toshkent – Siam Rep(Kombodja).

2025 yil, dekabr.