French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir tup chinor daraxtining tag qismini atayin betonlagan fuqaro jarimaga tortildi
15:32 / 2024-10-11

O‘zbekistonda daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq muammolar ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez muhokama mavzusiga aylanadi. Jamoatchilik noroziliklari va moratoriyga qaramay, daraxtlarni kesish hamon davom etmoqda.

Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Uchtepa tumanida navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi. Reyd davomida tumandagi “Bo‘g‘obod” MFY Foziltepa ko‘chasidagi qurilish ob’ekti hududida bir tup chinor daraxtining tag qismi fuqaro I.D. tomonidan atayin betonlangani aniqlandi. Natijada tabiatga 1 million 500 ming so‘m zarar yetkazilgan.   

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. I.D.ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari — 18 million 750 ming so‘m jarima belgilandi. Huquqbuzar qilmishi uchun jami 20 million 250 ming so‘m tovon to‘laydigan bo‘ldi.   

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, MJtKning 79-moddasiga ko‘ra, daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish, kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish va daraxtlarni xatlovdan o‘tkazishda vakolatli davlat tashkilotlari belgilab qo‘yilgan.   

Daraxtlar quriyotgan yoki qurib qolgan betartib o‘sishi natijasida hovli, ko‘cha va boshqa jamoat joylarining ko‘rinishini buzib turgan bo‘lsa,   kasallansa, turli infratuzilmalar faoliyatiga xalaqit berayotgan bo‘lsa hamda shamol, qor yoki boshqa tabiiy jarayonlar ta’sirida sinishi natijasida odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf solayotgan holatlarda kesiladi.   

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA