Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir topilma tarixi: naqshinkor bitikli qadimiy marmar ustun
08:01 / 2026-01-25

Ko‘hna Samarqand zamini olis tarixning tilsiz guvohidir. Uning har qarichidan o‘tmishning buyuk sadolari eshitilib turadi.

1980 yilning bahorida Payariq tumani hududida oddiy dala ishlari ketayotgan bir paytda, tuproq ostidan noyob topilma aniqlandi. Yerga qadalgan omoch tishi qattiq jismga urildi. Bu oddiy tosh emas, balki o‘zida asrlar sirini yashirgan marmar ustun edi. Dastlabki taxminlarga asosan u IX–XI asrlarga mansub deb baholangan bo‘lsa-da, toshdagi naqshinkor yozuvlar mutlaqo boshqa, ancha muhimroq tarixiy haqiqatni oshkor qildi. Ushbu topilma shunchaki me’moriy bo‘lak emas, balki temuriylar davrining yuksak madaniyatidan darak beruvchi tosh “maktub” bo‘lib chiqdi.

Ustunni tadqiq etish jarayoni qiyin kechdi. Mahalliy pushti-oq marmardan yo‘nilgan ushbu sakkiz qirrali obidaning og‘irligi shu qadar ediki, dastlabki o‘rganish jarayonida uning barcha qirralarini ko‘zdan kechirishning imkoni bo‘lmadi. Faqatgina muzey binosiga ko‘chirilgandan so‘nggina, tadqiqotchilar undagi har bir chiziq va harfni to‘liq o‘qishga muvaffaq bo‘ldilar. Qadimshunos olim E.Qorayevning ma’lumot berishicha, marmar ustunning balandligi 2 metr 33 santimetrni tashkil etadi. Uning geometrik tuzilishida qadimgi muhandislarning mukammal hisob-kitobi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ustun asosining diametri va uning umumiy balandligi o‘rtasidagi nisbat oltiga bir (1:6) o‘lchovida ekanligi, ajdodlarimizning matematik bilimlari naqadar chuqur bo‘lganini yana bir bor isbotlaydi.

Yodgorlikning eng qimmatli qismi – undagi xattotlik yozuvlaridir. Suls xatida bitilgan va bo‘rtib chiqqan harflarning balandligi 12,5 santimetrga yetadi. Yozuvlar shunchalik mohirlik bilan ishlanganki, harflar tosh yuzasidan 2 –3 millimetr oldinga chiqib, hajmdor ko‘rinish hosil qilgan. Bu yerda ustaning topqirligi va ehtiyotkorligini ko‘rsatuvchi bir jihat bor. Ayrim harflar va naqshlar go‘yoki oxirigacha o‘yilmagandek taassurot qoldiradi. Bu ustaning no‘noqligi emas, balki uzoqni ko‘zlagan tadbiridir. Usta ustunni ustaxonada yotqizilgan holatda tayyorlayotganda, uni tashish paytida nozik naqshlar sinib ketishidan xavotirlangan. Shu sababli, ishning eng nozik qismlarini ustun o‘z o‘rniga o‘rnatilgach, tik holatda yakunlashni reja qilgan bo‘lishi mumkin. Bu detal o‘sha davr qurilish madaniyati va logistikasi haqida noyob tasavvur beradi.

Toshdagi bitikni o‘qish orqali tarixning xira pardalari ko‘tarildi. San’atshunos olim P.Zohidov va arxeolog E.Qorayevlar tomonidan o‘qilgan matn quyidagi mazmunga ega: “Ushbu muborak ustun Xoja Nuriddin ibn Amir Davlatxo‘ja ko‘rsatmasiga binoan… rajab oyida… 818 yilda [o‘rnatildi]”. Hijriy 818 yil milodiy 1415 yilga to‘g‘ri keladi. Demak, ushbu obida Mirzo Ulug‘bek Samarqandni boshqarayotgan ilk yillarda bunyod etilgan.

Xo‘sh, toshda ismi manguga muhrlangan Amir Davlatxo‘ja kim edi? E.Qorayevning yozishicha, ushbu savolga javob topish uchun tarixchi Abdurazzoq Samarqandiyning asarlariga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Ma’lum bo‘lishicha, Amir Davlatxo‘ja oddiy shaxs bo‘lmagan. U 1405 yilda, sohibqiron Amir Temur vafotidan so‘ng yuzaga kelgan siyosiy jarayonlarda faol qatnashgan yirik harbiy sarkardalardan biri edi. U Mironshoh va Abu Bakr Mirzolar bilan birgalikda chegara hududlaridan Samarqandga kelgan. Uning ismi 1411 va 1415 yillardagi muhim siyosiy voqealarda ham tilga olinadi.

Demak, Payariqdan topilgan ustun oddiy binoning bo‘lagi emas. U Shoxrux Mirzo va Ulug‘bek davrida yuksak mavqega ega bo‘lgan amirning o‘g‘li – Xoja Nuriddin tomonidan qurdirilgan mahobatli inshootning bir qismidir. Tarixchilarning fikricha, bu bino katta ehtimol bilan masjid bo‘lgan. O‘sha davrda faqat o‘ta boy va nufuzli shaxslargina qurilishda qimmatbaho tosh ustunlardan foydalanish imkoniyatiga ega edilar. Markaziy Osiyo me’morchiligida, xususan temuriylar davrida, ko‘pincha yog‘och ustunlar ishlatilgan. Toshdan, ayniqsa, sakkiz qirrali marmardan ishlangan ustunlar nihoyatda kam uchraydigan hodisadir. Hatto mashhur Bibixonim masjidida ham ko‘p qirrali tosh ustunlar barmoq bilan sanarli edi.

Shu sababli ham bunday uslubdagi marmar ustunlar mintaqa me’morchiligida noyob hisoblanadi. Ushbu topilma O‘zbekiston hududidagi o‘rta asr me’morchiligi tarixini yangi ma’lumotlar bilan boyitdi. Payariq zaminida saqlanib qolgan bu tosh bitiklar bizga nafaqat bir inshoot haqida, balki ajdodlarimizning san’ati va davlatchilik tarixi haqida so‘zlaydi. Bu kabi osori-atiqalar millatimizning ildizlari naqadar chuqur va mustahkam ekanligini yana bir bor eslatadi.

Alisher Egamberdiyev, O‘zA