Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir tomonlama tinchlik rejasi bo‘lishi mumkin emas...
15:22 / 2023-09-22

AQSH va Ukraina Prezidentlari Jo Bayden va Vladimir Zelenskiy Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda energetika va iqtisodiy sektorda qayta tiklash, Kiyevning korrupsiyaga qarshi kurashi, shuningdek, harbiy-sanoat majmuasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bayden kelasi hafta Ukrainaga “Abrams” tanklari yetib borishi mujdasini berdi.

“Amerika xalqi, ittifoqdoshlar va sheriklar bilan birga dunyo sizlarni qo‘llab-quvvatlashi uchun bor imkoniyatni ishga solamiz, bosh maqsadimiz shu!”, degan davlat rahbari.

Davlat kotibi Entoni Blinken bayonotiga ko‘ra, AQSH ma’muriyati Ukrainaga 325 million dollar miqdorida harbiy yordam beradi.

Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo Zelenskiyning ushbu mamlakatga borishi va parlamentda nutq so‘zlashini tasdiqladi. Hukumat matbuot xizmati bayonotida Kanadaga tashrif 21-22 sentyabr kunlariga belgilangani aytiladi.

Buyuk Britaniya Qiroli Karl III “London va Parij Ukrainaning Rossiya ustidan qo‘li baland kelishiga ishonadi”, dedi Fransiya Senatidagi chiqishida.

Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida sovuq urushdan keyingi davrda Ukraina inqirozi tarixiy burilish nuqtasi bo‘lishini ta’kidladi.

“Ukraina masalasi Yevropa sarhadidan chiqib, butun dunyoga ta’sir ko‘rsatmoqda”, – dedi u.

Xitoy hukumati Ukraina ziddiyatini hal etishga konstruktiv ko‘mak berishga tayyor. Bu haqda XXR raisi o‘rinbosari Xan Chjen bayonot berdi.

“Xitoy tomoni mazkur mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘lida olib borilayotgan har qanday urinishni qo‘llab-quvvatlaydi”, – dedi Chjen.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Ukraina ziddiyatini tahlil etdi, deb xabar berdi xalqaro tashkilot matbuot xizmati.

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov Prezident Zelenskiy bilan Pentagonda mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Qurolli kuchlari shtablar boshliqlari qo‘mitasi raisi Mark Milli bilan uchrashgan.

Pekin Ukrainadagi vaziyatni keskinlashtiradigan harakatdan, dunyo iqtisodiyotiga ta’sir qiladigan bir tomonlama sanksiyadan tiyilishga chaqirdi, deb bayonot berdi TIV rahbari o‘rinbosari Ma Chjao Syuy.

“Tomonlar vaziyatni tamoman izdan chiqaradigan turli choralardan, keskinlik va qarama-qarshilikni kuchaytirishdan voz kechishi, og‘ir-bosiq bo‘lishi lozim. Yadro xavfsizligi va texnogen yadro avariyasiga yo‘l qo‘ymaslik tamoyiliga jiddiy sodiqlik zarur”, deb ta’kidladi diplomat.

Shveysariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis Zelenskiyning tinchlik rejasi muvaffaqiyat qozona olmaydi, deya bergan bayonotni mamlakat telegraf agentligi tarqatdi.

“Bir tomonlama tinchlik rejasi bilan muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi, g‘alaba uchun faqat kuch ishlatish lozim. Shu bilan birga biz, G‘arb davlatlari bu nizo yanada keng ma’nodagi urushga aylanib ketishini istamaymiz”, dedi vazir.

Germaniya Zelenskiyning BMT Xavfsizlik kengashida Rossiyani veto qo‘yish huquqidan mahrum qilish taklifini qo‘llamaydi, dedi TIV rahbari Annalena Berbok “ARD” telekanaliga intervyusida.

Ukraina Qurolli kuchlari Shvetsiyadan o‘nta “Stridsvagn-122” (Strv122) tanki oldi, deya ma’lum qildi Qirollik hukumati.

Ukraina huquqni himoya qilish idoralari o‘tgan yil fevralidan beri gumanitar va xayriya yordamidan noqonuniy foydalanish, mablag‘ o‘g‘irlash bilan bog‘liq 863 jinoiy ish qo‘zg‘agan. Bu haqda mahalliy “Vesti” nashri xabar berdi. OAV yozishicha, mamlakat Qurolli kuchlariga tegishli gumanitar yordam vositalari mamlakatning barcha bozorlarida faol sotilmoqda.

A.G‘ulomov, O‘zA