Hammaga ma’lum va mashhur “BBS” nashri rahbari Tim Deyvi va yangiliklar bo‘limi direktori Debora Terness AQSH prezidenti haqidagi hujjatli filmda noto‘g‘ri tahrir ishlatilgani sabab iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi.
Mojaro «Panorama» dasturi Trampning 2021 yil 6 yanvarda qilgan nutqining ikki qismini birlashtirib, uni go‘yo Kapitoliy bosqiniga bevosita chaqirayotgandek ko‘rsatgani bilan bog‘liq.
Tramp bu voqeaga “ular mening nutqimni soxtalashtirdi” deya javob qaytardi va “BBS” rahbarlarining ishdan ketishini «adolatli» deb baholadi.
– Tan olish kerak, ba’zi xatolar bo‘ldi va men bosh direktor sifatida bunga javobgarman, -dedi Deyvi.
Terness esa ayblovlarni rad etdi, ammo u “vaziyat kompaniya obro‘siga jiddiy zarar yetkazmoqda, mas’uliyat mening zimmamga tushishi kerak”, deya ta’kidladi.
Nashr kengashi raisi Samir Shoh bu holatni “kompaniya uchun og‘ir kun” deb atadi, ammo Deyvining qarorini tushunishini bildirdi. Yangi rahbar kim bo‘lishidan qat’i nazar, “BBS” ishonch inqirozidan chiqish uchun tez va qat’iy choralar ko‘rishi kerak bo‘ladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA