Prokuratura idoralari tomonidan sport va madaniy meros sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat tadbirlari tizimli ravishda davom etmoqda.
Tadbirlar davomida sport ta’lim muassasalarini joriy ta’mirlash bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlardagi korrupsiyaviy sxemalar fosh etilmoqda.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2019-2021 yillarda respublika bo‘yicha jami 72 sport maktabda 13,5 mlrd. so‘mlik joriy ta’mirlash bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlarda afillangan shaxslarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilib, korrupsiyaviy holatlarning kelib chiqishiga zamin yaratilgan.
Masalan, Buxoro olimpiya zaxiralari kolleji binosini joriy ta’mirlash uchun kollej direktori raisligida o‘tkazilgan go‘yoki ochiq tender tanlovlarida faqat tadbirkor F.Q. ta’sischiligidagi 4 ta korxona qatnashib, ularning bittasi g‘olib, deb topilgan.
Poytaxtdagi Gimnastika sport maktabi binosini ta’mirlash uchun o‘tkazilgan tenderda qatnashgan “F.T” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi va tender g‘olibi “S” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari bir shaxs – Q.F. ekanligi hamda u maktab direktorining akasi ekanligi aniqlandi.
Bu kabi qonun buzilishi holatlari Surxondaryoda 10 ta, Qoraqalpog‘istonda 9 ta, Navoiy va Qashqadaryoda 8 tadan, Farg‘ona va Namanganda 7 tadan, Samarqandda 5 ta, Jizzax va Xorazmda 4 tadan, Buxoro va Sirdaryoda 3 tadan, Toshkent shahrida 2 ta hamda Andijon va Toshkent viloyatlarida 1 tadan kuzatilgan.
Aniqlangan barcha qonun buzilishi holatlari bo‘yicha aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi qonunchilikda belgilangan tartibda hal etildi.
Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
O‘zA