Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Bir tadbirkor – uch hamkor” loyihasi amalga oshirib kelinadi.
Loyihaning o‘ziga xosligi shundaki, unda ishlab chiqarish sohasida o‘z faoliyatini olib borayotgan, katta tajribaga ega, mahalliy va xalqaro bozor maydonida shuhrat va muvaffaqiyat qozongan 20 nafar tadbirkor o‘ziga shogird yoki xodim emas, balki hamkor tayyorlaydi.Loyiha doirasida “KIYIM TEXTILE” tikuv fabrikasi, “Sab New Devolepment” qurilish kompaniyasi, “Technoshop” maishiy texnika do‘konlar tarmog‘ini o‘z ichiga olgan “SURE STEP” guruh kompaniyalar bosh direktori Otabek Hakimov bilan uchrashuv tashkil etildi.
Hamkor tadbirkor shaxsiy brendni takomillashtirish va tanitish, ishlab chiqarishda sifatning ahamiyati hamda xodimlarning kompetentligi kabi dolzarb masalalarga qaratilgan “Shaxsiy brendga asos solish” mavzusida taqdimot qildi.
Talabalarga ishlab chiqarish sohasini optimallashtirish, raqamli iqtisodiyot hamda market-pleyslarda savdo-sotiq ishlarini jadallashtirish va shaxsiy brend nomini jahon bozoriga olib chiqish kabi mavzularda taqdimotlar tayyorlash va ularni tadbir komissiyasi qoshida himoya qilish vazifasi berildi.
O‘zaro savol-javoblar viktorinasi tadbirga yakun yasadi. Faol ishtirok etgan talabalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA