Davlatchilikning eng asosiy ramzlaridan biri bo‘lgan bayroq har bir xalq uchun muqaddas sanalib, uning mustaqilligi, or-nomusi va shon-shuhratini ifodalaydi. Bugun biz yuksaklarda hilpirayotgan milliy bayrog‘imizga g‘urur bilan boqar ekanmiz, uni ifoda etuvchi “bayroq” so‘zining o‘zi ham asrlar qa’ridan, ajdodlarimizning turmush tarzi, dunyoqarashi va davlatchilik an’analaridan so‘zlovchi tarixiy yodgorlik ekanini har doim ham o‘ylayvermaymiz. Aslida, bu so‘z va uning ma’nodoshlari zamirida qadimgi turkiy xalqlar falsafasi mujassam.
Tilshunoslik tahlillari shuni ko‘rsatadiki, “bayroq” so‘zining o‘zagi qadimgi turkiy tildagi “yoyilmoq” ma’nosini anglatgan “badz-” fe’lining “bay-” shakliga borib taqaladi. Taniqli tilshunos olim Shavkat Rahmatullayevning ilmiy qaydlariga ko‘ra, ushbu fe’l negiziga avval “-(ы)r”, so‘ngra kuchaytirish ma’nosini beruvchi “-a” va nihoyat “-q” qo‘shimchalarining izchil qo‘shilishi natijasida “bayыraq” so‘zi hosil bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan tildagi tovush o‘zgarishlari sababli bu so‘z qisqarib, bugungi “bayroq” shakliga kelgan. Demak, so‘zning ilk ma’nosi shamolda keng yoyilib, hilpirovchi matoni anglatgan. Bu – ramzning nomi uning jismoniy xususiyatidan kelib chiqqanini ko‘rsatadigan yorqin misoldir.
Bu lingvistik talqin o‘zining tarixiy tasdig‘ini milodiy XI asrdayoq topadi. Buyuk qomusiy olim Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining mashhur “Devonu lug‘otit turk” asarida “bayroq” so‘zini “bayraq”, “batraq” shakllarida qayd etib, uning qo‘llanishiga doir jonli misol keltiradi: “baïraq qamug‘ talpïmdï”, ya’ni “bayroqlar bari hilpiradi”. Bu iqtibos nafaqat so‘zning qadimiyligini, balki uning aynan hilpirash, harakat bilan bog‘liq holda idrok etilganini yana bir bor isbotlaydi.
Turkiy davlatchilikda bayroq vazifasini bajargan ramzlar faqat bu so‘z bilan cheklanmagan. “Tug‘” atamasi ham hokimiyat va yuksak martaba timsoli sifatida alohida o‘rin tutgan. Mahmud Qoshg‘ariy xon yoki xoqonning oliy maqomi “toquz tug‘lug‘ xan” iborasi orqali ifodalanganini yozadi. Tug‘lar sonining to‘qqiztadan oshirilmasligi bu raqamning qadimgi turkiy xalqlar uchun xosiyatli va muqaddas sanalgani bilan izohlanadi. Hukmdorning tug‘lari, odatda, xayrli belgi sifatida to‘q sariq rangli shohi yoki ipak matodan tayyorlangan. Bu esa, ramzlarning nafaqat siyosiy, balki chuqur madaniy va irfoniy ma’nolarga ham ega bo‘lganidan dalolat beradi.
“Bayroq” so‘zining yana bir qadimiy va diqqatga sazovor ma’nodoshi “yalov”dir. Bu so‘zning etimologiyasi ham uning dastlabki vazifasi haqida ma’lumot beradi. U qadimgi turkiy tildagi “zichlash”, “birlashtirish”, “bog‘lash” ma’nolarini anglatgan “yala-” fe’lidan “-v” qo‘shimchasi yordamida yasalgan. Dastlab, “yalov” biror narsaning belgisi sifatida tayoq yoki nayza uchiga bog‘langan har qanday buyumni (masalan, mato parchasi, ot dumi) anglatgan. Keyinchalik bu ma’no kengayib, bevosita bayroq tushunchasiga o‘tgan. Tarixiy til qatlamlarida saqlanib qolgan “yalovbardor” (bayroq ko‘taruvchi) kabi so‘zlar esa, o‘zbek tilining tojik tili bilan o‘zaro munosabatlari natijasida paydo bo‘lib, “yalov” so‘zining tarixan keng iste’molda bo‘lganini ko‘rsatadi.
Shunday qilib, “bayroq”, “tug‘”, “yalov”, “alam” kabi so‘zlarning har biri shunchaki oddiy lisoniy birlik emas, balki tarixning tildagi in’ikosidir. Ularning o‘zagida ajdodlarimizning davlatchilik tafakkuri, harbiy yurishlari, madaniy qarashlari va olamni anglash falsafasi yashirin. Bu so‘zlarning tarixini o‘rganish – o‘z o‘tmishimizni, milliy davlatchiligimiz ildizlarini chuqurroq anglash, bugungi mustaqillik ramzi bo‘lgan bayrog‘imizning ma’no qatlamlarini teranroq his etish demakdir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA