Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bir she’r, bir sahna” xalqaro tanlovi g‘oliblari aniqlandi
19:47 / 2025-12-20

Chimkent shahridagi Jumabek Tashenov nomli universitet, Qozog‘iston xalq assambleyasi, Qozog‘iston o‘zbeklari etnomadaniy birlashmalari, “Do‘stlik” hamjamiyati hamda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamkorligida o‘tkazilgan “Bir she’r, bir sahna” xalqaro tanlovi keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.

Mazkur loyiha yoshlar o‘rtasida adabiy muloqotni rivojlantirish, she’riyatga bo‘lgan qiziqishni oshirish va badiiy so‘z orqali ma’naviy dunyoqarashni boyitishga qaratilgan.

– “Bir she’r, bir sahna” tanlovini kelgusida nufuzli, muntazam o‘tkaziladigan adabiy maydonga aylantirish rejalashtirilgan, -dedi hakamlar hay’ati raisi,  filologiya fanlari doktori, professor Hulkar Hamroyeva. – Bunday tashabbuslar globallashuv sharoitida yoshlar o‘rtasida madaniy va ma’naviy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, adabiy do‘stlik abadiy do‘stlik ekanligi yana bir bor o‘z isbotini topdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, oliygohlar o‘rtasida J.Tashenev nomli universitet talabalari Gulnoza Osmanova va Dildora Otajonovalar oliy o‘rinni, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “San’atshunoslik” yo‘nalishi birinchi bosqich talabasi Iroda Ahmadova hamda to‘rtinchi bosqich talabasi Jamshidbek Mirsoliyev birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘quvchilar o‘rtasida esa Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 17-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Binafsha Bozorova g‘olib deb topildi. 

– Yoshlarimiz  o‘z chiqishlarida Cho‘lpon, Hamid Olimjon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, A’zam O‘ktam, Sirojiddin Sayyid, Farida Afro‘z va Minhojiddin Mirzo kabi mashhur ijodkorlar asarlaridan namunalar o‘qib berishdi, -deydi J.Tashenev nomli universitetning xalqaro hamkorlik departamenti direktori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahlo Naraliyeva. – Ular har bir she’rni zavq bilan ifoda etishlari bizni juda quvontirdi. 

G‘oliblar diplom, yangi nashr etilgan kitoblar jamlanmasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

D.Hakimov, O‘zA