Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Bir qo‘shiq kuylayki..."
18:54 / 2023-05-04

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti, xalqimizning ardoqli san’atkori Sherali Jo‘rayevning "Bir qo‘shiq kuylayki..." nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, hofizning oilasi va muxlislari ishtirok etdi.

Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti, "Fidokorona xizmatlari uchun", "El-yurt hurmati" ordenlari sohibi Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari yarim asrdan ziyodki, asl san’at shaydolarining ko‘ngil mulkiga aylangan. Ellik yildan oshibdiki, hofizning xonishlari dillarga malham, qalblarga yupanch, Vatan, millat, muhabbat, o‘zlik, g‘urur, or haqida otashin nido bo‘lib yangramoqda. Dunyodagi jamiki o‘zbek millati vakillari borki, bari Sherali Jo‘rayev ijodini yuksak qadrlaydi. Ayni paytda uning betakror qo‘shiqlari qardosh xalqlar, xorijiy davlatlarda betakror ijod namunasi sifatida qadrlanadi.    

– bugungi tadbirni nuroniylar, muxlislar, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva kabi ijodkorlar orzu qilgan uchrashuv, desam mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Qancha yillar, zamonlar o‘tsa-da, xalqimizning sevimli xonandasi Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari hamon muxlislar ardog‘ida. San’atkorning birgina "O‘zbegim" qo‘shig‘i uchun uyushmamizga a’zo qilsak arziydi.    

– Sherali Jo‘rayev kabi san’atkorlar har kuni tug‘ilmaydi, – dedi ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev. – Nazarimda, muxlislar faqatgina xonandaning qo‘shig‘ini tinglash bilan cheklanib qolmasligi kerak. Ular san’atkorning qanday olovli yo‘llardan o‘tib shakllanganini, toblanganini bilishi kerak. Shu ma’noda "Bir qo‘shiq kuylayki..." kitobi o‘quvchilar uchun juda qadrli.    

– Sherali Jo‘rayev bilan talabalik davrimizdan tanishmiz, do‘stmiz, – dedi O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’diyev. – Uning har bir qo‘shig‘i alohida spektakl. Sherali Jo‘rayev bekorga Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofotining O‘zbekistondagi yagona sohibi emas. Biz "Yulduzli tunlar" spektaklini qayta tiklamoqchimiz. Bunda Sherali Jo‘rayevning ko‘magiga tayanish niyatimiz bor.  

Tadbirda Sherali Jo‘rayev o‘z qo‘shiqlaridan ijro etdi.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri