Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir qator soha va tarmoqlarda raqamli texnologiyalar joriy etiladi
18:18 / 2025-09-17

“Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-286-son) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar "Raqamli hukumat" tizimini 2025–2026 yillarda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi, jumladan:

— "Raqamli hukumat" dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish hamda mahallalarda 30 turdan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish;

— hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan 66 ming km optik tolali aloqa liniyasini o‘tkazish, 2 ming 284 ta tayanch stansiyani ishga tushirish, 100 dan ortiq axborot tizimini joriy etish;

—  aholi va tadbirkorlar uchun 100 dan ortiq turdagi elektron xizmatlarni joriy etish, shu jumladan 10 turdagi davlat xizmatini proaktiv va kompozit shaklga o‘tkazish, 19 ta hayotiy vaziyatda fuqarolarga avtomatik tarzda xabar yuborish.

Hududlarda aholiga elektron xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

— 2025 yil 1 noyabrdan boshlab kiberxavfsizlik talablariga rioya etgan holda mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali(my.gov.uz)dagi pulli elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi;

— 2025 yil 1 dekabrdan boshlab nodavlat notijorat tashkilotlariga "Raqamli hukumat" tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi;

— 2026 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarning ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaati, mahallalardagi oilalar va aholi ma’lumotlarini yuritish hamda mahallalarda aholi bilan ishlash jarayonlari "Raqamli mahalla" platformasi orqali amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, hududlarda mahalla va manzillar bo‘yicha ma’lumotlarni yuritishda yagona yondashuvni yo‘lga qo‘yish maqsadida:

— 2025 yil 15 oktyabrga qadar mahalla fuqarolari yig‘inining yagona identifikatori sifatida kadastr raqamini qo‘llagan holda "Raqamli hukumat" tizimining Mahallalarning markazlashgan reyestri ishga tushiriladi;

— 2025 yil 1 noyabrdan boshlab Mahallalarning markazlashgan reyestri davlat organlari va tashkilotlarining "Raqamli hukumat" tizimi bilan integratsiyalashgan axborot tizimlari va resurslarida majburiy tarzda qo‘llaniladi;

— 2026 yil 31 dekabrga qadar ko‘chmas mulk ob’ektlarining barcha ma’lumotlari "UZKAD" axborot tizimiga o‘tkaziladi, shuningdek, Butunjahon geodeziya koordinatalari tizimiga (WGS-84) bog‘langan yagona davlat manzil reyestri shakllantiriladi.

Qarorga ko‘ra, quydagi bir qator soha va tarmoqlar raqamlashtiriladi, jumladan ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash sohalarida:

— 2026 yil 1 maydan boshlab nogironlikni belgilash (bolalikdan nogironligi bo‘lgan, І va II guruh nogironlari) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yo‘llanmani shakllantirish va elektron navbatga qo‘yish kompozit shaklda amalga oshiriladi;

— 2026 yil yakuniga qadar "Raqamli sog‘liqni saqlash" platformasiga integratsiyalashgan, tibbiy ko‘rik jarayonida shifokor nutqini avtomatik ravishda bayonlashtiruvchi ovozli yordamchi hamda bemorlarga tashxis qo‘yishda shifokorga ko‘maklashuvchi sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan "Shifokorning raqamli yordamchisi" dasturi ishga tushiriladi.

Shuningdek, ta’lim sohasida:

—  2025 yil 1 noyabrdan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;

— 2026 yil 1 yanvardan boshlab o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayoni bilan bog‘liq davlat xizmatlarini my.gov.uz orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, suv xo‘jaligi sohasida 2025 yil 1 noyabrdan boshlab fermer va dehqon xo‘jaligi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga suv taqsimlash bilan bog‘liq barcha ma’muriy tartib-taomillar "Suv hisobi" suv resurslarini boshqarish yagona tizimi orqali faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab transport vositasiga gaz baloni o‘rnatilganligiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish orqali transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.

 2026 yil 1 yanvardan boshlab my.gov.uz orqali chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha bir yilgacha bo‘lgan muddatga vaqtincha ro‘yxatga olish amaliyoti joriy etiladi.

2026 yil 1 dekabrga qadar "Raqamli hukumat" tizimining "OASIS" (O‘zbekiston axborot sistemalarining integratsion servisi) yagona raqamli platformasi ishlab chiqiladi. "Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi" davlat muassasasi ushbu platformaning operatori hisoblanadi.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab:

—  "Raqamli startaplar" dasturi va (yoki) Markaziy bankning "tartibga solish qumdoni"da ishtirok etuvchi startap loyihalarga "Raqamli hukumat" tizimining Raqamli ma’lumotlar platformasidan axborot xavfsizligi talablari va belgilangan tartibga rioya qilgan holda bir yil muddatga qadar bepul foydalanish imkoniyati taqdim etiladi;

— O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari (konsullik muassasalari) orqali jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini olgan ІT-park rezidentlarining xorijiy mutaxassislari uchun masofadan turib bank hisobvaraqlari hamda virtual bank kartalarini ochishga ruxsat beriladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab ІT-park rezidentlariga reklama xizmatlari va dasturiy ta’minotdan foydalanishga bo‘lgan obunalar uchun korporativ bank kartalari orqali to‘lovlarni kalendar yil davomida eksport tushumlari doirasida, biroq 500 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Bunda:

— reklama Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan 100 milliondan ortiq auditoriyaga ega axborot resurslari va tizimlari (shu jumladan, veb-saytlar, platformalararo resurslar, messendjerlar va ijtimoiy tarmoqlar) da joylashtirilishi talab etiladi;

— reklama xizmatlari va dasturiy ta’minotdan foydalanish obunasi bo‘yicha ommaviy oferta va invoyslar, shuningdek, to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar "E-contract" tashqi savdo axborot tizimiga kiritiladi;

— umumiy summasi 5 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan ommaviy oferta, invoys va to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar "E-contract" tashqi savdo axborot tizimiga kiritilishi talab etilmaydi hamda ushbu xarajatlar debitorlik qarz sifatida hisobga olinmaydi.

Shu bilan birga, 2026 yil 1 yanvardan ІT-park rezidentlariga yaratgan dasturiy mahsuloti obunasi uchun xorijiy davlatlardan kelib tushadigan to‘lovlarni "E-contract" tashqi savdo axborot tizimiga kiritmagan holda ommaviy oferta orqali qabul qilishga ruxsat beriladi.

U.Qurbonov, O‘zA