Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir qator mas’ullar jiddiy ogohlantirildi
20:01 / 2022-02-02

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida mavjud 6 ta oliy ta’lim muassasasini tanqidiy va tahliliy o‘rgandi.

2 fevral kuni natijalar yuzasidan mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov viloyatdagi ta’lim muassasalarida sifatni oshirish, professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyatini ko‘tarish va talabalarga sifatli ta’lim sharoitlarini yaratish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilganini qayd etdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilinishicha, Qarshi davlat universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali faoliyatini tashkil etish ishlari e’tirof etilgan.

Erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda muammolar ham borligi ta’kidlandi. Xususan, Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyati qoniqarsiz deb topilib, direktor, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari va o‘quv-metodik boshqarma boshlig‘iga masofaviy ta’limni tashkil qilishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun hayfsan berildi. Muammolarni bartaraf etish uchun uch oylik muddat qo‘yildi.

Hududdagi barcha oliygohlarda ta’lim sifatini ta’minlashda bir qator jiddiy kamchiliklar mavjud ekani tilga olindi.

Ishchi guruh o‘rganishlarni ertaga Surxondaryo viloyatida olib boradi.

O‘zA