Xitoy, Daniya, Fransiya va Niderlandiyada bolalar orasida "Mycoplasma pneumoniae" bakteriyasi keltirib chiqargan pnevmoniya keng tarqalayotgani ma’lum qilindi. Kasallik AQSHning Ogayo shtatida ham tez-tez uchrayotgani qayd etildi, deb xabar tarqatdi "CNN".
Telekanal Ogayo shtati sog‘liqni saqlash idorasi vakilining so‘zlarini keltirgan: Uorren okrugida bolalar orasida kasallanish holati odatdagidan ko‘p kuzatilmoqda. Avgust oyidan boshlab 142 holatga duch kelingan. Ma’lumotga ko‘ra, bakteriya har “bir yoki uch yilda” avj olishi mumkin.
Avvalroq BFMTV telekanali XXRdagi vaziyat tufayli Fransiya sog‘liqni saqlash Bosh direksiyasi tibbiy muassasalarga mamlakatda mikoplazmali pnevmoniya odatdagidan tez ommalashayotganini bildirgan.
Oktyabr o‘rtalarida Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi mamlakatda respiratorli xastaliklar urchigani haqida xabar berdi. Noyabr so‘ngida esa qator nashrlar Xitoy shimolida bolalar orasida ushbu illat tarqalganini yozdi.
Pnevmoniya kelib chiqishiga asosiy sabab mikoplazma hisoblanadi. Kasallik davriy ko‘rinishga ega bo‘lib, har 3-7 yilda kuchayadi.