Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir paytlar kambagʻal boʻlgan yigit yirik tadbirkorga aylandi
17:36 / 2020-06-24

Bu hayotda barcha baxtli yashashga haqli.


Bu hayotda barcha baxtli yashashga haqli. Atrofimizga nazar tashlarkanmiz, qoʻli yupqa, zoʻr bazoʻr kun kechirayotgan kambagʻal oilalarni ham uchratamiz. Ularning daromad manbai yoʻq, demakki, xotirjamlik haqida gapirmasa ham boʻladi.

Albatta, davlatimiz bu toifadagilarni doimo ijtimoiy himoyasiga olgan. Xalqimizda qoʻl bilan berganga qush toʻymas, degan naql bor. Oʻziga xos tarzda topib aytilgan bu soʻz zamirida katta maʼno mujassam. Demak, yaxshi yashash uchun har qanday kishi mehnat qilish, daromad topishni oʻylashi kerak boʻladi.

Prezidentimizning joriy yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida ilk bor kambagʻallikni qisqartirish masalasi tilga olindi. Tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga kechiktirib boʻlmas topshiriqlar berildi. Xoʻsh, aholisi zich joylashgan Fargʻona viloyatida kambagʻallikni qisqartirish borasida qanday ishlar olib borilmoqda?

Oilaga daromad kerak

Kambagʻallikni qisqartirish – darrov va osongina hal boʻladigan ish emas. Hatto rivojlangan davlatlarda bu masala ancha ogʻriqli. Buning uchun vaqt, aniq reja va dasturlar boʻlishi kerak.

Prezidentimiz qayd etganidek, kambagʻallikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini koʻpaytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga oʻqitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uygʻotish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini oʻqitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa toʻlash tizimini joriy qilish zarur. Demak, ularga avvalgidek baliq emas, qarmoq berish kerak.

Bugungi kunda shahar va tumanlarda 43 ming 314 ta kambagʻal oila bor. Sektorlar kesimida “Temir daftar” tizimi joriy qilinib, unga kiritilgan har bir fuqaroni daromad topishiga koʻmaklashish muhim vazifa sifatida belgilangan. Joriy yilda 20 ming 168 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu bilan koʻplab fuqarolar ish bilan taʼminlanishiga erishiladi.

Ehtiyojmand, yordamga muhtoj oilalarning roʻyxatini shakllantirishda Xitoy tajribasi oʻrganilgan. Mazkur tajribadan kelib chiqib odamlarni ish bilan taʼminlash, sogʻliqni saqlash tizimini yaratib berish, oʻqitish va uy-joyini taʼmirlash davlat dasturi shakllantirildi. Har bir sektorda “Kambagʻallikka qarshi kurashish shtabi” tashkil etilib, ularga hududdagi iqtisodiy kompleks rahbarlari va mutaxassislari biriktirilgan. Tijorat banklari tomonidan oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 400 milliard soʻm kredit ajratilmoqda.

Hozirgi kunda viloyatda kambagʻal oilalarning 13 ming 638 tasining yashash xonadonlari taʼmirtalab. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yashash sharoitlarini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Hozirga qadar 3 ming 694 tasi taʼmirlandi. Bu boradagi ishlar tizimli davom etmoqda.

Kambagʻallikni qisqartirishda viloyatda oʻziga xos amaliy tajriba qoʻllanilmoqda. Xususan, ehtiyojmand, kambagʻal oilalar tarkibiga kirganlarga 20 sotixdan – 1 gektargacha boʻlgan ekin maydonlari ajratib berildi. Eng muhimi, bu oilalarga yordam tariqasida sabzavot urugʻ va koʻchatlari bepul yetkazildi. Har bir tomorqachi uchun subsidiyalar berilib, bandligi taʼminlandi. Ish bu bilan poyoniga yetib qolgani yoʻq. Endilikda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tumanlarda tashkil etilgan korperativlar tomonidan xarid qilinyapti. Shuningdek, ayni kunlarda gʻalladan boʻshagan yer maydonlari takroriy ekin ekish uchun ehtiyojmand oilalarga ajratib berilmoqda. Umuman olganda, viloyatda qishloq xoʻjaligi sohasida mavjud imkoniyatlarni ishga solib, 17 ming 439 ta oilani kambagʻallikdan chiqarish koʻzda tutilmoqda.

“Olma pish, ogʻzimga tush” davri oʻtdi

Bugun davr oʻzgardi, odamlar harakatga tushib qoldi. Dangʻara tumanida bir tadbirkor insonni yaxshi bilaman. Ancha yillar ilgari oilaviy sharoiti ogʻir, uy-joylariga qarab boʻlmasdi. U yigit mavsumiy ishlar bilan shugʻullanib yurdi. Keyin mebel yasashni oʻrgandi, uyida kichik bir sex tashkil qildi. Yillar oʻtishi bilan katta tadbirkorga aylandi, dangʻillama uy soldi. Eng zamonaviy avtomashinani minadi.

– Oʻzim ham bunaqa boʻlishini oʻylamagandim, – deydi Sherzodjon aka. – Hunarda katta hikmat bor ekan. Bir paytlar koʻchaga chiqqanimda choʻntagimda pul boʻlmas edi. Oilamda goʻshtsiz qozon qaynagan. Yigit kishi harakat qilsa, oldiga maqsad qoʻysa, erisharkan.

Ha, bu kabi hayotda oʻz oʻrnini topib olgan insonlar oramizda anchagina. Atrofga nazar tashlarkanmiz, bilagida kuchi bor baʼzi bir erkaklar kun boʻyi uyida oʻtiradi, qiladigan ishining tayini yoʻq. “Olma pish, ogʻzimga tush” deydigan zamon oʻtdi. Bugun har bir kishi omilkorlik bilan ish tutib, tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻzlashtirishi kerak. Ayrim kambagʻal oilalarda boʻlganimizda kattagina tomorqasi boʻm-boʻsh turganligini koʻrdik. Vaholanki, koʻplab yurtdoshlarimiz shu kaftdek yerdan moʻmay daromad koʻrmoqda.

Bugungi kunda viloyatda davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida “Fargʻonalik tadbirkor – islohotchi” tajribasini amalga oshirish boshlandi. Buning uchun shahar va tumanlarda yetarli imkoniyatlar bor. Birgina hunarmandchilik yoʻnalishida 2 ming 500 ta loyiha ishga tushirilib, 9 mingta yangi ish oʻrni yaratilyapti. Mazkur raqamlardan koʻrinadiki, izlangan odam albatta, daromad manbaini topa oladi.

Ishsizlik – asosiy muammo

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, kambagʻallikdagi asosiy muammolardan biri bu ishsizlik bilan bogʻliq. Viloyat markazi –Fargʻona shahrida 70 ta mahallalarda 86 ming 553 ta xonadon 290 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.

– Har bir mahalla kesimida deputatlar, biriktirilgan shahar faollari hamda iqtisodiy kompleks xodimlari bilan xonadonma-xonadon kirib oʻrganib chiqildi, – deydi Fargʻona shahar hokimi Hamidjon Habibiddinov. – 4 ta sektor tomonidan olib borilgan xatlov ishlari natijasida aniqlangan 7 ming 502 ta ehtiyojmand oilalar va undagi 3 ming 380 nafar mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolar “Temir daftar”ga kiritildi. Koronavirus pandemiyasi taʼsirida bu fuqarolarning aksariyati ishsiz qoldi. Hozirga kelib, ushbu ishsiz fuqarolarning 891 nafari karantin talablari bosqichma-bosqich yumshatilganligi hisobiga avvalgi ish joyiga qaytdi hamda 1 ming 819 nafari yangi ishga joylashtirildi.

“Avtooyna” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 200 nafar, “Azot” aksiyadorlik jamiyatiga 105 nafar, “Qilich Bunyod” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 60 nafar va “Uz-segang” qoʻshma korxonasiga 50 nafar ishsiz fuqarolar ishga qabul qilindi. Fargʻona shahridagi “Fargʻona mexanika zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida joylashgan kichik sanoat zonasida mehnat yarmarkasi oʻtkazilib, 203 nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi.

– Kichik sanoat zonasida joylashgan korxonamizda 80 ta ish oʻrni yaratilgan, – deydi “Dolina master mebel” masʼuliyati cheklangan jamiyati mutaxassisi Umidjon Qurbonov. – Germaniya texnologiyasi asosida ishlovchi korxonamizda buyurtma asosida keng assortimentdagi mahsulotlar tayyorlanib, uning salmoqli qismi xorijga eksport qilinmoqda. Yarmarkada shahardagi 15 nafar fuqaroni ishga qabul qildik.

“Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida 5 ming 478 ta ehtiyojmand xonadonlarda yashovchi 7 ming 502 ta oilalarga 1, 8 milliard soʻmlik oziq-ovqat, dori-darmon va naqd pul koʻrinishidagi moddiy yordam koʻrsatildi. Albatta, vaqti bilan koʻrsatiladigan xayriya, muruvvat yordami muhtojlikka barham berishning asosiy yoʻli emas. Shu bois kambagʻallikni kamaytirishning samarali yoʻli boʻlgan odamlarni ishli qilish, ularga daromad qilish imkoniyatini yaratib berishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Yil yakuniga qadar 467 nafar fuqaroni ishga joylash orqali “Temir daftar”dan chiqarish maqsad qilindi. Oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, jamoat ishlariga jalb etish, oʻz oʻzini band qilish, investitsiya loyihalari doirasida ishga joylashtirish orqali bu muammolar oʻz yechimini topadi.

Beshbola koʻchasi 167-uyda yashovchi fuqaro R.Marasulova issiqxona qurib berish orqali ish bilan taʼminlandi. A.Qahhor koʻchasi 3-uy, 5-xonadonda yashovchi fuqaro M.Ibragimovaga imtiyozli kredit mablagʻi ajratilib, doʻppi tikish yoʻlga qoʻyildi.

Yurtimizda kambagʻallikni kamaytirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, bu yoʻlda jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Albatta, mazkur saʼy-harakatlar aholini hayotdan rozi qilishda muhim oʻrin egallaydi. Faqatgina boqimandalik kayfiyatidan qutulib, yaxshi yashash uchun kurashish uchun oʻzimiz ham harakat qilishimiz kerak. Shunday emasmi?