Bir oyda energiya resurslari bo‘yicha 844 ta ma’muriy huquqbuzarlik qayd etildi
So‘nggi paytlarda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish va mazkur yo‘nalishda nazoratni kuchaytirish maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, “O‘zenergoinspeksiya” hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida so‘nggi bir oyda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 283 ta holat aniqlandi.
Nazorat ishlari davomida 11,5 million kVt⋅soat elektr energiyasi va 17,9 million metr kub tabiiy gaz noqonuniy ravishda talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu holatlar natijasida davlatga jami 79 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 844 ta ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA