Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir oyda 14,6 trln so‘mlik soliq tushumlari ta’minlangani ma’lum qilindi
12:20 / 2024-05-07

Soliq qo‘mitasi raisi rahbarligida, joriy yilning aprel oyi prognoz ko‘rsatkichlari ijrosi hamda may oyidagi vazifalarga bag‘ishlangan Hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda markaziy apparat hamda hududiy soliq boshqarmalari boshliqlari (videokonferensaloqa orqali) ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, aprel oyida 14,6 trln so‘mlik soliq tushumlari ta’minlanib, o‘tgan yilning aprel oyiga (13 trln so‘m) nisbatan 1,6 trln so‘mga 12,1 foizga o‘sishga erishildi. Xuddi shu davrda – mol-mulk solig‘i 56 foiz, aylanmadan olinadigan soliq 45 foiz, yer solig‘i 38 foiz va QQS 25 foiz o‘sgan.

Shu bilan birga, aprel oyida 19 ta tuman (shahar)larda olinadigan umumiy tushumlar hamda 58 ta soliq inspeksiyasida aylanmadan olinadigan tushumlarni, shuningdek, aksariyat hududlarda qo‘shimcha daromadlarni jalb etishda kutilgan natijalarga erishilmaganligi jiddiy tanqid qilindi.

Shuningdek, “DSB ma’murchiligi” dasturi asosida “korxonabay” ishlash tizimi bo‘yicha aprel oyi yakuniga ko‘ra samaradorlik ko‘rsatkichi Navoiyda 68,8 ball, Toshkent shahrida 69,6 ball, Qashqadaryoda 70 ball, Jizzaxda 70,3 balni tashkil etib, past darajada qolganligi tanqid qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Hay’at yig‘ilishida “Mahallabay” ishlash tizimi doirasida soliq inspektorlari faoliyati ham tahlil qilindi. Xususan, joriy yilning aprel oyida “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” AT da baholash natijalariga ko‘ra, respublikaning samaradorlik ko‘rsatkichi 92,2 ballni tashkil etib, 9 ta viloyatda 90 balldan oshgan bo‘lsa, Andijon (84,8), Farg‘ona (87,2), Samarqand (87,5), Namangan (89,7) hamda Jizzax viloyatida 90 ballga yetmaganligi har bir mahalla kesimida tanqidiy muhokama etilib, mas’ullarning hisobotlari eshitildi.

O‘tgan oyda 377 nafar inspektorning samaradorlik ko‘rsatkichi (KPI) 95 balldan yuqori, 1 416 nafari esa 90 va 95 bal oralig‘idagi ko‘rsatkichlarga erishgan bo‘lsa, 2615 nafar inspektor 90 baldan past natijalarni qayd etgan.

Yig‘ilishda aprel oyida foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tilib, may oyida byudjetni soliq tushumlari va qo‘shimcha daromadlar bilan ta’minlash, soliq qarzlarini undirish, “korxonabay” va “mahallabay” ishlashda har bir xodimning samaradorlik (KPI) ko‘rsatkichlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, to‘lov intizomiga rioya etilishi, tadbirkorlik subyektlariga reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilashga ko‘maklashish, soliq to‘lovlarini kamaytirgan xo‘jalik subyektlari bilan manzilli ishlash kabi qator yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

 

Sh.Mamaturopova,

O‘zA