Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi…” (+video)
19:58 / 2023-07-25

Tog‘lar bilan yelkadosh, bulutlar bilan bo‘ylashgan so‘lim Zomin tabiati haqida ko‘p eshitgansiz. Musaffo osmon ostida, saxovatli ona zamin ustida joylashgan bu nurli manzildagi bugungi bajarilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib ko‘zingiz quvonadi. Tanti elining qalbi qamar, qadri qimmat odamlari bilan suhbat qilsangiz dil yayraydi. Shoir aytganidek “Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi…”

Ha, qadim tarixga ega mazkur hudud amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar sabab bugun dunyoga yangidan bo‘y ko‘rsatmoqda. Ulug‘vor tog‘lar qurshovidagi “Suffa” platosi asrlarga tengdosh noyob tabiat mo‘’jizasi. Erta tongdan boboquyosh nim sariq nayza nurlarini tiriklik dunyosiga ulashishga oshiqadi. Mo‘’jaz tabiat ham bu ulkan o‘zgarishlar oldida hududning turistik jozibasini o‘zida yanada namoyon qiladi.  

Ayni paytda bu yerlar orombaxsh tabiati, qulay joylashuvi sabab sayyohlar uchun sevimli manzillaridan biriga aylangan. Biroq, yillar davomida hudud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanmoqda deb bo‘lmasdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 apreldagi “Zomin” turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yangi o‘zgarishlarga huquqiy asos vazifasini o‘tadi. Davlatimiz rahbari farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 aprel sanasida "Zomin" turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi tegishli qarori qabul qilindi.

Qaror asosida ishlab chiqilgan “Zomin turistik zonasini rivojlantirish konsepsiyasi hamda turizm sohasini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi”ga muvofiq hududda jami 4,4 trln. so‘m investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Loyihalarning ba’zilari ishga tushirilgan bo‘lsa, ba’zilarini qurish jarayonlari davom etayotir. Masalan, ayni paytda umumiy qiymati 466,1 mlrd. so‘mga teng 3 ta uch yulduzli mehmonxona foydalanishga topshirildi.  

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizning milliy turizm brendi xalqaro umummavsumiy kurort bazasi sifatida jahon standartlari, xizmatlar va yangi sayyohlik imkoniyatlarini o‘zida mujassam etmoqda, desak aslo mubolag‘a bo‘lmas.

Quvonarli jihati, tumandagi “Laylak uya” massivi hududida joylashgan Zomin aerodromida 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminalini qurish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan. 60 gektar yer maydoni ajratilgan mazkur ob’ektda jami 200 dan ziyod ishchi xodimlar samarali mehnat qilishmoqda. Kuni kecha mazkur aerodromga Toshkentdan ilk samolyot parvozi ham amalga oshirildi.

Darhaqiqat, turizm rivojida birlamchi o‘rin tutadigan talablardan biri – sayyohlar uchun sifatli transport xizmatining mavjudligidir. Zomin turistik zonasini rivojlantirishda ayni jihat ham e’tiborga olingan va bu bo‘yicha katta loyihalarga qo‘l urildi. Shuningdek, Zominga borishni istagan sayyohlarga tezyurar poyezddan foydalanish imkoniyati ham yaratilgan.

Ma’lumot uchun, viloyatga 2022 yilda 1,5 million nafar mahalliy va 12 ming nafar xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan.

Hozirda hududda 100 o‘rinli sog‘lomlashtirish markazi, savdo va xizmat ko‘rsatish markazi, restoran va osma ko‘priklar, ko‘p qavatli avtoturargohlar hamda “Shale” uslubidagi kottej uylari qurilmoqda. Yaqinda tog‘ yonbag‘rida zamonaviy dor yo‘li test rejimida ishga tushirildi.

Zomin turistik-rekreatsion zonasi va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etishda muhandislik-kommunikatsiya va avtomobil yo‘llari infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham keng ko‘lamli loyihalar rejalashtirilgan. Jumladan, ichki-tashqi ichimlik va oqova suv tizimlari uchun 6 ta turli hajmdagi inshootlarni qurishga 96,9 mlrd. so‘m yo‘naltirilgan. 200 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga esa hududda qurilayotgan ob’ektlarga elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsad qilingan. Yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha 17 kilometrlik avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etiladi. Bunga esa 193,4 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Tasdiqlangan bosh rejaga ko‘ra Zomin turistik-rekreatsion zonasida kelgusida yana bir qator ob’ektlar qurilishi rejalashtirilgan. Jumladan, anjumanlar saroyi, 4 ta to‘rt yulduzli va 7 ta uch yulduzli mehmonxona, 5 ta yo‘nalishda zamonaviy dor yo‘llari, 8 km. uzunlikda tog‘ chang‘i uchish trassalari, 7 ta restoran va kafelar, 13 ta yozgi attraksionlar va boshqa bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Buning uchun 2,8 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Natijada yaqin kelajakda “O‘zbekiston Shveysariyasi” nomini olgan Zomin tumani turizm yo‘nalishida yangi o‘sish nuqtasiga aylanadi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5LQzJCdlCFU" title="“Bir o‘lkaki, tuprog‘ida oltin gullaydi…”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA