Bugun har bir soha va tarmoqda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ishlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Davlat xizmatlari agentligi sohasida fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolar hal etilib, ularning murojaatlari tez fursatlarda ko‘rib chiqilmoqda.
Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida yashovchi Ro‘zimat Sarimsoqov mana bir necha yildirki, fuqarolik pasporti yo‘qligi uchun turli qiyinchiliklarga duch keladi. U birinchi turmushi o‘xshamay, ikkinchi bor uylanganda qonuniy nikohdan o‘tmagani bois, ikki farzandiga tug‘ilganlikni qayd etish imkoni bo‘lmadi. Oradan yillar o‘tib, bolalari ulg‘ayib maktab yoshiga yetganida farzandlarining hujjatlarini to‘g‘rilashga kirishdi. U dastlab, tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga murojaat qildi. Mazkur murojaat batafsil o‘rganilib, fuqaroning farzandlariga tug‘ilganlik guvohnomasi rasmiylashtirishga kirishildi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi arxivida saqlanayotgan dalolatnoma yozuvlarining raqamlashtirilgani fuqarolarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Aholi uchun yaratilgan qulay sharoitdan foydalangan fuqaro farzandlarini tug‘ilganligini qayd etishda ortiqcha sarson bo‘lmay shu joyning o‘zida xizmatdan foydalandi.
Mingbuloq tumani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi tomonidan bir oilaning ikki nafar a’zosiga muddati o‘tgan tug‘ilganlik guvohnomasi yozib berildi. Endi, Behruzbek va Bekzod yurtimizda yaratilgan keng imkoniyat va qulayliklardan foydalana oladi. Agarda ularning ota-onasi o‘z vaqtida turli yumushlar bilan andarmon bo‘lib, hujjat ishlariga beparvolik qilmaganlarida edi bunday qiyinchiliklarga duch kelishmasdi. Endi oila boshi fuqarolik pasportini olgach, ikki fuqaro qonuniy nikohdan o‘tadi.

Bir oilaning ikki farzandi, kattasi 10 yoshda, kichigi esa 6 yoshga to‘lganda tug‘ilganlik guvohnomasini oldi. Oila boshlig‘i esa hozirgacha fuqaroligini belgilovichi bosh hujjatga ega emas edi.
Shuncha vaqtgacha mahalla fuqarolar yig‘ini, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilar nima sababdan bunga e’tibor bermagan?
Bu savol ochiqligicha qolmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA