Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir oilada ikki yoki uch nafar talaba bo‘lsa ularga kredit berilishi tartibi qanday?
18:59 / 2023-01-09

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2022 yilda kontrakt asosida o‘qishga kirgan talabalar soni davlat granti bilan kirganlariga qaraganda qariyb to‘rt barobar ko‘p bo‘ldi. Katta miqdordagi kontrakt to‘lovini amalga oshirish muammo tug‘diradigan oilalar uchun ta’lim kreditlaridan foydalanish eng maqbul tanlovdir.

Ta’lim kreditlari odatda to‘lov-kontrakt shartnomasida ko‘rsatilgan bir yillik to‘lov summasiga teng miqdorda, Markaziy bank asosiy stavkasida ajratiladi. Ta’lim kreditlarining ikki xil turi mavjud bo‘lib, biri imtiyozli, ta’minot summalarisiz bo‘lsa, ikkinchisi, oddiy, ma’lum foizli ta’minot stavkalari asosida ajratiladi. Bunda Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, oshirilgan taqdirda esa ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.  

Agar oilada farzandlar orasida ikki yoki uch nafar talaba bo‘lsa, ularga kredit berilishi tartibi qanday bo‘ladi?  

Mazkur savol yuzasidan O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi axborot xizmati rahbari Hadya Abdullayeva quyidagilarni ma’lum qildi.  

"O‘tgan 2022 yildan boshlab talabalarga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida ta’lim kreditlari berila boshladi. Hozirda respublikadagi 12 ta tijorat banklari orqali O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi «Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi» hisobidan ajratilgan mablag‘laridan ta’lim kreditlari berilmoqda. Mazkur ta’lim kreditining asosiy afzalligi talaba kreditni o‘qishni tamomlagandan keyin, 7-oydan boshlab 7 yil davomida to‘lab boradi. Opa-singillarimiz uchun bu borada imtiyozlar berilgan. Ya’ni, xotin-qizlar berilgan ta’lim kreditining faqat asosiy qarzini qaytaradi. Kredit foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.  

O‘tgan 2022 yil davomida aholidan aynan ushbu ta’lim kreditlarini olish jarayonlari bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Masalan, oilada farzandlar orasida ikkita yoki uchta talaba bo‘lsa, ularga kredit berilishi qanday bo‘ladi? Ya’ni, ikkita talabaga oilada ishlaydigan bitta odam kafil bo‘la  oladimi? Bu holatda agar kafil turuvchining oylik ish haqqi ta’lim kredit berish talablariga javob bera olsa, kafil bo‘la oladi yoki sug‘urta polisi taqdim etish mumkin. «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun esa bank tomonidan garov ta’minoti talab etilmaydi.  

Shuningdek, ta’lim krediti berilish shartlariga ko‘ra, ta’minot sifatida garov, uchinchi shaxs kafilligi hamda sug‘urta polisi taqdim etilishi mumkin.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ta’lim kreditini olgan shaxsda imkoniyat mavjud bo‘lsa, u kreditni muddatidan avval yopishi mumkin. Masalan, o‘qishni bitirgan talaba birdan daromad manbaiga ega bo‘lsa,  7 oy faqat kredit bo‘yicha foiz to‘lab bormasdan, asosiy qarzni ham so‘ndirib borishi mumkin. Bunda kredit bo‘yicha umumiy to‘lovlar miqdori kamroq bo‘ladi. Har qanday uzoq muddatli kreditni muddatidan oldin so‘ndirish ushbu kredit bo‘yicha umumiy to‘lovlar miqdorining kamayishiga yordam beradi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA