Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida Prezidentimizning joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullanishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandi bo‘yicha "Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul" tamoyili asosida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda viloyatning turli hududlaridan kelgan 11 nafar ishtirokchi tanlov shartlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
- Mahallamizdagi o‘zimga biriktirilgan yoshlarning bir nechtasiga davlatdan kam foizli kredit olib, issiqxona qurishi, parrandachilikni rivojlantirishi, oziq-ovqat do‘koni, novvoyxona ochib, daromad qilib, ro‘zg‘origa baraka kiritishiga ko‘maklashdim, - deydi sardobalik K.Boltayev.

Ishtirokchilar o‘z chiqishlarida mahalladagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ibratli va xayrli ishlar to‘g‘risida aytib berdi.
Ko‘rik-tanlov g‘oliblari e’lon qilindi. Guliston shahri vakili Xudoynazar Mavlonqulov 1-o‘ringa, shirinlik Ra’no Rahmonqulova 2-o‘ringa va Guliston tumani vakili Rustam Atakishiyev 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. G‘oliblarga pul mukofotlari topshirildi.
Shuningdek, boshqa ishtirokchilar ham qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida Oliy Majlis senati a’zosi, viloyat xokimi G‘ofurjon Mirzayev, O‘zbekiston Qaxramoni, Respublika Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari, senator Sodiqjon Turdiyev, respublika "Nuroniy" jamg‘armasi raisi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev ishtirok etdi.

Tadbir davomida bir guruh mehnat faxriylariga "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishonlari topshirildi.
Viloyat maqom ansambli tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov,(surat), O‘zA