Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul
15:16 / 2022-07-30

Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor”, degan ibratli gap bor.

Darhaqiqat, keksalari bor xonadonda quvonch, fayzu baraka, xotirjamlik hukm suradi. Keksalarga ehtirom, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish esa necha ming yillardan buyon yashab kelayotgan boqiy qadriyatlarimizdan hisoblanadi.  

Mamlakatimizda esa keksalarni hurmat qilish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvarda “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022 yil 15 martda “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ham nuroniylarimizga alohida hurmat-e’tibor ko‘rsatish, ularning yoshlar o‘rtasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash borasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

bugungi kunda ushbu qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” loyihasi doirasida tanlovlar o‘tkazilmoqda.

– Yurtimizda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda-ki, bu vazifalarni amalga oshirishda, albatta, nuroniy otaxon va onaxonlarimizning o‘z o‘rni bor, – deydi Karmana tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i G‘iyos Jumayev.

 – “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan tanlovdan ko‘zlangan maqsad ham shu. Har bir mahallada yoshlarga biriktirilgan nuroniylarni jamiyat hayotiga faol jalb qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlarimiz tarbiyasida keksa avlod vakillarining tajribasidan foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida barqaror muhitni qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni targ‘ib qilish va ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etayotgan ijtimoiy faol bo‘lgan nuroniylarni rag‘batlantirishdir.

Tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tanlovning Karmana tuman bosqichida har bir sektorda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mahalla faollari ishtirok etdi.

Unda ishtirokchilar “Tanishtiruv”, “Yoshlar bizning kelajagimiz” va “Nuroniylar bellashuvi” shartlarida o‘zaro bellashdi.

Yakunda “Beshkent” mahallasidan ishtirok etgan Salim Qurbonov faxrli 1-o‘rin, “Yangi Hayot” mahallasidan O‘ktam Jamurodov 2-o‘rin, “Uyrot” mahallasidan Zubaydulla Homidov 3-o‘ringa loyiq, deb topildi.

– bugungi kunda keksalarimizga ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom, ularning salomatligini asrash borasida olib borilayotgan ishlarni alohida ta’kidlashni istardim, – deydi tanlov g‘olibi S.Qurbonov. – Keksalarimiz yoshlarga har tomonlama ibrat bo‘lishi, yo‘l ko‘rsatishi lozim. Qolaversa, keksalarimizning hayotiy tajribalaridan unumli foydalanish, ularning o‘gitlariga amal qilish o‘sib kelayotgan yosh avlod – farzandlarimizning ertangi kuni yanada porloq bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tanlov g‘oliblari rag‘batlantirildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA