Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir murojaat izidan...
11:20 / 2025-09-16

Mahalla hududida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonasida o‘rganish ishlari olib borildi

Bir muddat avval O‘zbekiston Ekologik partiyasiga Mirobod tumani Barotxo‘ja mahallasi fuqarolari tomonidan murojaat kelib tushgani, unda mahalla hududida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonasi atmosferaga zararli tashlamalar chiqarayotgani yuzasidan e’tirozlar aks etgani haqida xabar bergan edik.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati B.Alixonov boshchiligida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati S.Fayziyeva, Toshkent shahar Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i A.Rasulov hamda ekofaollar ishtirokida mazkur korxonada o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida Davlat ekologik ekspertizasi mas’ul xodimlari tomonidan korxonada ish faoliyati davom etib turgan vaqtda bir necha nuqtadan atmosferaga tashlanayotgan tashlamalar miqdorini aniqlash maqsadida namunalar olindi. Laboratoriya xulosalari belgilangan vaqt davomida ekoinspektorlarga yetkazilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonida mavjud texnik va ekologik talablarning buzilganligi yuzasidan tegishli tartibda choralar ko‘rish, tadbirkorlik faoliyatini belgilangan qoidalar asosida olib borish yuzasidan mas’ullarga deputatlik so‘rovi yuborilishi ta’kidlab o‘tildi.

O‘rganish yakunida Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i A.Rasulov korxona rahbariga ekologik ekspertiza xulosasini olish, yangi tashkil etilishi rejalashtirilgan ishlab chiqarish sexida ish boshlashdan oldin barcha hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha tushunchalar berib o‘tdi.

Darhaqiqat, bugun atmosfera havosi keskin buzilib borayotgan bir paytda har bir ishlab chiqarish korxonasida ekologik tartib-qoidalarga jiddiy e’tibor qaratish, me’yorlarga qat’iy rioya etish dolzarb ahamiyat kasb etadi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA