Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir murojaat izidan: Haqqimizni qachon berasiz, hokim buva?
15:16 / 2022-01-28

(Tadbirkorlarga millionlab qarzini to‘lamay yurgan, ishi bitib, “eshagi suvdan o‘tgan” shahar va tuman hokimlari o‘qimasin.)

O‘zAga Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi “Bo‘riboyev Samandar” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bobur Bobomurodovdan joriy yilning 13 yanvar sanasida “pm.gov.uz” orqali tushgan murojaatning mazmuni quyidagicha:

“Bizning “Bo‘riboyev Samandar” MCHJ tomonidan Mirzacho‘l tumanida 2018 yildan buyon qurilish ishlari amalga oshirilib kelinadi. Tumandagi “Toshkent” QFYda nogironligi bo‘lgan 16 xonadonga mo‘ljallangan “Tog‘ay Murod” ko‘chasidagi tashlandiq holatdagi 9-“A” uyni to‘liq kapital ta’mirlandi. Tandirxona, hojatxona qurildi. Qurilish ishlari 2019 yilda yakunlandi.

2018 yildan 2019 yilgacha shu tumandagi “Ipak Yo‘li” QFYda joylashgan 2 qavatli 17 ta uy hovlisiga 8 ta tandirxona qurib berildi. Bajarilgan ishlar to‘g‘risida barcha hujjatlar byurtmachiga topshirilgan bo‘lishiga qaramasdan tuman hokimining 2020 yil 10 iyuldan 57-f farmoyishida ko‘zda tutilgan 50 million so‘m, 2021 yil “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limining 9 sentyabdagi 01-1590-sonli kafolat xatida ko‘zda tutilgan tuman hokimi tomonidan mahalliy byudjet hosobidan 2021 yil 9 oy yakuni bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘lar hanuzgacha to‘lab berilmayapti. 

Sizlardan vaziyatni to‘liq o‘rganishlarngizni jamiyatimiz nomidan iltimos qilamiz. Qonun va Prezidentimiz hamda hukumatimiz farmon va qarorlarini amalda ekanligiga biz tadbirkorlarni yana bir bor ishontirishga amaliy yordam berishlaringizni so‘raymiz”.  

Shikoyatni o‘rganish jarayonini murojaatchi bilan telefon orqali bog‘lanishdan boshladik.

“Bo‘riboyev Samandar” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bobur Bomorodov bizga byurtmachi “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi ekanini, ammo mablag‘ mahalliy byudjet hisobidan tuman hokimligi tomonidan to‘lanishi ko‘zda tutilganini bildirdi. Ish yakunlangach 105 million so‘m tandirxonalar qurilishi, 476 million so‘m oilasida nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlanganlar uchun bo‘sh yotgan binoni kapital ta’mirlash uchun MCHJ hisobiga o‘tkazib berilgani, tandirxonalar qurilishidan yana 307 million 700 ming, 2 qavatli uyni kapital ta’mirlashdan yana 140 million so‘m qarzdorliklar mavjudligini ta’kidladi. “Ipak yo‘li” mahallasida yashovchi, “Temir daftar” ro‘yxatida turgan Shoira Abdurazzoqovani xonadonini 16 million so‘m hisobiga ta’mirlab bergan haqini salkam 3 yildirki tuman hokimligi to‘lamay kelayotgani, MCHJ tomonidan bajarilgan ishlari  bo‘yicha tuzilgan pudrat shartnomalari, amalga oshirilgan ishlarning Vazirlar Mahkamasining yakuniy xulosasi, bajarilgan ish uchun to‘lovni amalga oshirish uchun berilgan kafolot xatlarini B.Bobomurodov bizga telegramm orqali tashlab berishini aytdi. 

Buyurtmachi sifatida pudrat shartnomasi tuzgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi rahbari ish o‘rnida yo‘qligi (bizga aytishlaricha viloyat markaziga yig‘ilishga ketgan) sabab, Mirzacho‘l tuman hokimligi qurilish (masalalari bo‘yicha o‘rinbosari boshqa ishga o‘tganligi va hozircha o‘rni vakant ekanligi sabab) bo‘limdagi J.Omonovga uchradik. 

“Bo‘riboyev Samandar” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan ishlarni joyiga borib o‘rganib kelgunimizga qadar murojaatga javob tayyor bo‘lishini aytib, yo‘l ko‘rsatish uchun bo‘lim mutaxassisini bizga qo‘shib jo‘natdi.

Tuman hokimligi vakili hamrohligida “Bo‘riboyev Samandar” MCHJ tomonidan “Ipak yo‘li” MFYdagi 2 qavatli 17 ta uy hovlisiga qurilgan 8 ta tandirxona hamda “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘inidagi (“Bo‘riboyev Samandar” MCHJ tomonidan kapital ta’mirdan chiqargunga qadar bo‘sh va qarovsiz yotgan) 2 qavatli, oilasida nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan 16 ta oilaga mo‘ljallangan, har biri 2 xonali Tog‘ay Murod ko‘chasi 9-“A” uyni borib ko‘rdik.

Garchand oradan 2 yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsada, MCHJ tomonidan amalga oshirilgan qurilish va ta’mirlash ishlari har holda o‘z sifatini yo‘qotmagan. 

Bu orada MCHJ rahbari Bobur Bobomurodovning telegramidan Mirzacho‘l tumanida amalga oshirilishi uchun tuzilgan pudrat shartnomalari, ish bitgandan keyingi yakuniy xulosalar, qilingan ish uchun to‘lanadigan to‘lov kafolat xatlari (barchasi ilova qilinmoqda) kelib tushdi.

Yana murojaatchi B.Bobomurodov bilan telefon orqali bog‘landik.

–  Ishni bajarib bo‘lganimizda tashakkurnoma berib, to‘n ham yopgan tuman hokimi (Komil Xolmurodov hozir Jizzax shahar hokimi)ning, “Sen bank kreditini olaver, kreditingni to‘lash vaqtinggacha pullaring hal bo‘ladi!” degan va’dalariga ishonib, aynan uning tashabbusi bilan qurilish materiallari va ishchilar haqini to‘lash uchun bankdan 1 yilga 26 foizli 250 million so‘m kredit oldik.  – deydi B.Bobomurodov. – Keyin tuman hokimi Jizzax shahriga hokim bo‘lib ketdi. Bank qarzini talab qilavergach, qilgan ishimizni pulini ololmaganimizdan so‘ng, avval o‘zim foydalanib yurgan “Lasetti”, keyin MCHJning “Mersedes-230” rusumli avtomashinalarni, undan keyin kreditga olgan “Kamolot uylari” dagi 2 xonali kvartiramni ham sotishga majbur bo‘ldim. 

Hozirda, kredit uchun garovga qo‘yilgan Mirzacho‘ldagi MCHJga qarashli 2 qavatli savdo do‘konimizni bank olib qo‘yib, auksion savdoga qo‘ygan, lekin hali sotgani yo‘q. Yaxshiyam, qarindosh-urug‘, yoru do‘st, aka-ukalar bor ekan, qarz havola qilib, shularni yordami bilan har oy 7 million so‘mdan bank kreditini to‘layapman. Ayni paytda, hatto, sizlar bilan uchrashish uchun Jizzax viloyatiga borishga ham imkonyatim yo‘q, deya jim bo‘lib qoldi...  

Garchand murojaatga tuman hokimi Sh.Ahmedovning “javobini” olgan bo‘lsakda, ushbu masalaga tuman hokimining munosabatini o‘z og‘zidan eshitish maqsadida u kishi bilan uchrashmoqchi edik, ammo “ZOOM” tarzida o‘tayotgan yig‘ilishda ishtirok etayotganligi tufayli (har holda hokimiyat mutasaddilari bizga shunday degan javobni aytishdi) ko‘risholmadik. 

Qolaversa, tuman hokimi ushbu murojaatga o‘zining jimjimador imzosi bilan allaqachon javob berib bo‘lgan va mirzacho‘llik mutasaddilarning nazarida ushbu murojaat “yopib” bo‘lingan edi.

Darvoqe, bizga taqdim etilgan javob xati xususida (xat ilova qilinmoqda). Xatning qisqacha mazmunini keltiradigan bo‘lsak, 2018 yilning 5 dekabrida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi va “Bo‘riboyev Samandar” MCHJ o‘rtasidagi 550 million so‘mga tuzilgan 13-sonli pudrat shartnomasiga ko‘ra 152 million so‘m MCHJning hisob raqamiga o‘tkazib berilgani, tumanning “Toshkent” QFYsidagi nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan oilalarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida shu mahalladagi bo‘sh yotgan bino “Bo‘riboyev Samandar” MCHJ quruvchilari tomonidan kapital ta’mirdan chiqarilgani, shuningdek, “Ipak yo‘li” QFY “G‘allakorlar” ko‘chasi 8-uy 2-xonadonda yashovchi, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan Shoira Abdurazzoqovaning xonadoni ham aynan shu MCHJ tomonidan 16 million so‘mga ta’mirlangani va nihoyat (shu jumlalarni aynan keltiryapmiz): “Yuqoridagi holatlarni inobatga olib, ushbu fuqarolarning xonadonlarini nazorat o‘lchovidan o‘tkazib bo‘lgandan so‘ng 2022 yil daromadlar rejasining ortirib bajarilgan qismi hisobidan to‘lab berishi tushuntirildi. Mazkur javob xatidan norozi bo‘lsangiz qonunda belgilangan tartibda yuqori turuvchi idoralarga murojaat qilish huquqiga egasiz”, deya nuqta qo‘yilib, hokim imzo qo‘ygan.  

E’tibor bergan bo‘lsangiz, xatda “Ipak yo‘li” QFYdagi 2 qavvatli uylar hovlisiga qurilgan tandirxonalar haqida  hech gap yo‘q va murojaatda tuman hokimining farmoyishiga ko‘ra berilishi lozim bo‘lgan, amalda to‘lanmagan 50 million so‘m to‘landi, deyilgan. Qolaversa, xuddi shu mazmundagi xat avval ham berilgan ekan. Unga asosan, “Bo‘riboyev Samandar” MCHJning pullari “2021 yil 9 oy yakuni bilan” to‘lanishi lozim edi.

Yana javob xatidagi: “Mazkur javob xatidan norozi bo‘lsangiz qonunda belgilangan tartibda yuqori turuvchi idoralarga murojaat qilish huquqiga egasiz” deya yakunlanganiga ham e’tibor bergandirsiz? 

Achinarlisi, Mirzacho‘lga o‘xshash iqtisodiyoti past bo‘lgan tumanlarda “...daromadlar rejasining ortirib bajarilgan qismi” ning o‘zi deyarli hech narsaga arzimaydi. Afsuski, tuman hokimi ham, viloyat hokimi ham va hatto mutasaddi vazirlikdagilar ham buni juda yaxshi bilishadi. Bila turib tadbirkorni shunday “hemiri ham unmaydigan” ishga chorlab, qop-qop va’dalar berishadi. Ishlari bitib, eshaklari suvdan o‘tgach, juda “so‘ra-so‘ra”ga kelganda, go‘yo “yordam” sifatida bankdan katta foizli kredit olishiga “yordam” berib yuboradi. Kreditni “to‘la-to‘la”ga kelganda esa rahbar yo boshqa ishga o‘tib ketadi, yoki “Kreditni olgan senku, men emas, to‘la endi ishlatganingdan so‘ng!” deya javob qaytaradi. 

Tadbirkor esa bank kredit qarzini qancha mashaqqat chekib olgan mashinasini, ne-ne orzular bilan olgan kvartirasini sotadi. “Boy bo‘laman, xalqqa xizmat qilaman” deya yaxshi niyat bilan ochgan, garovga qo‘yilgan do‘konini esa bank olib qo‘yib, kim oshdi savdosiga chiqaradi. Qurilishdagi ishchilarni ish o‘rni yo‘qotilgani yetmaganidek, ishlamay turgan do‘kon ishchilari ham ishsiz qolgani hech kimni, hokimiyatdagi mas’ullarni zarracha qiziqtirmaydi. Tadbirkor esa xonavayron bo‘lib, yasharga uyi, biror manzilga zarurat uchun borarga mablag‘i ham qolmay, xoru zor bo‘lib qolaveradi...  

Afsuslanarlisi, yuqorida o‘qiganlarimiz, amalga oshirilgan ishlarni ko‘rib guvohi bo‘lganlarimiz, tegishli hujjatlarni o‘rganganlarimiz va suhbatlashib eshitganlarimiz kabi holat birgina “Bo‘riboyev Samandar” MCHJ rahbari Bobur Bobomurodovning boshiga tushmagani va unga o‘xshab xonavayron bo‘layotgan tadbirkorlar mamlakatimizda o‘nlab borligidadir. Bundan ham yomoni bunday muammo yuzaga kelganidan viloyat hokimi ham, mutasaddi vazirliklar ham xabardor. 

Prezidentimiz ikkita ish o‘rni yaratgan tadbirkorni yelkasida ko‘tarishga tayyor bo‘lgan bir vaqtda, na hokimlikdagi, na vazirlikdagi mutasaddilar bir tadbirkorning xonavayron bo‘lishiga pinaklarini buzmay yurganlariga nima deysiz?!. 

Xo‘sh, “Bo‘riboyev Samandar” MCHJ rahbari endi nima qilsin? Bunga Jizzax viloyati hokimligi va mutasaddi vazirlikdagi mas’ullar nima der ekan?!. 

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA