Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir milliondan ortiq aholining elektr taʼminoti yaxshilanadi
22:47 / 2019-09-09

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati vakillari joylarda aholi bilan uchrashib, sohaga tegishli masalalarni va muammolarni oʻrganmoqda.


“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati vakillari joylarda aholi bilan uchrashib, sohaga tegishli masalalarni va muammolarni oʻrganmoqda. Ana shunday sayyor qabullardan biri Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi “Gilambob” MFYda oʻtkazildi.

Mazkur mahallada uzoq yillardan buyon elektr yetkazib berishda koʻpgina muammolar mavjud edi. Endilikda holat yaxshilanib bormoqda. “Gilambob” 2020-yilda “Obod qishloq” dasturiga tushganligi fikrimizni yorqin dalilidir. Kelgusida elektr taʼminoti yanada yaxshilanib, eski yaroqsiz sim yogʻoch tayanch va simlar yangisiga almashtiriladi, elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) zamonaviy elektron hisoblagichlar oʻrnatiladi.

– Avvalgi yillarga nisbatan 2018-2019-yillarda fuqarolarning elektr taʼminoti ancha yaxshilandi, – deydi “Gilambob” MFY raisi U. Yuldoshov. – “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari” hamda Angor TETK joriy yilda mahallamizdagi ikkita transformator punktini katta quvvatlisiga almashtirib, yana bitta transformatorni qoʻshimcha oʻrnatib berdi. Endilikda hududimizda yetti dona transformator punkti koʻmagida elektr liniyasining zoʻriqib ishlashining oldi olinib, elektrda oʻchishlar kamaydi.

Mazkur mahalla misolida ham elektr yetkazib berishda uzilishlar boʻlmayotganini kuzatish mumkin. Aslida viloyat va tumanlarda amalga oshirilayotgan modernizatsiyalash tadbirlari tufayli bu xususiyat barcha hududlarga xos boʻlib qolmoqda. Misol uchun, Surxondaryo viloyatida 2019-yil davomida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi.

Xususan, “Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” dasturi doirasida 165,8 km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 75 dona transformator punktida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Yil yakuniga qadar 131,8 km elektr uzatish tarmogʻi va 50 dona transformator punktida ishlar davom etadi.

Bu kabi yangilanishlar samarasida Surxondaryo viloyatida 285 ta mahalla va qishloqda yashovchi 1 million nafardan ortiq aholining ijtimoiy soha obyektlari, sanoat va tadbirkorlik subyektlarining elektr taʼminoti yanada yaxshilanadi.

Shu kunlarda tizimda 2019-2020-yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham yakunlanmoqda. Unga koʻra, “Surxondaryo HETK” AJ tasarrufidagi 1 611,4 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, 440 dona transformator punkti, 4 ta yuqori kuchlanishli podstansiya va 2ta yuqori kuchlanishli kuch transformatorlari mukammal taʼmirlandi.

Jamiyat tasarrufidagi Muzrabot, Denov, Termiz tuman elektr taʼminoti korxonalari binolari toʻliq taʼmirlanib mavsumga taxt qilindi. Angor, Sherobod, Qiziriq, Oltinsoy TETK va Termiz SHETK binolarida esa taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Sovuq va yomgʻirli kunlarni betalofat oʻtkazish, aholiga sifatli xizmatlar koʻrsatish uchun jihozlar zaxirasi yaratilmoqda. Elektr uzatish tarmoqlari va yuqori kuchlanishli kuch transformatorlari mukammal taʼmirlandi.

Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish yuzasidan (ASKUE)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi “Yoqilgʻi-energetika sohasida oʻzaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi taʼminlanmoqda.

Hozirda bu ishlar Termizda boshlab yuborildi. Shahar aholi isteʼmolchilariga yangi zamonaviy elektr hisoblagichlardan 20 000 dona yetkazildi va qisqa fursatda sakkiz mingdan ziyod elektr hisoblagichlar oʻrnatib berildi. Yil yakuniga qadar Termiz shahridagi isteʼmolchilarga yangi zamonaviy elektr hisoblagichlarni toʻliq oʻrnatish koʻzda tutilgan.