Fuqaro A.T. va boshqalar 1902 yilda ishlab chiqarilgan, og‘irligi 32,22 gramm bo‘lgan bir dona “Nikolay-2" oltin tangasini 100 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bu Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Yakkasaroy tumani bo‘limi tomonidan DXX va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi.
Madaniy meros agentligining xulosasiga ko‘ra, ushbu oltin tanganing bugungi kundagi bahosi 1 milliard so‘mni tashkil etadi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan oldin 1876 yilda ishlab chiqarilgan oltin tangalarni sotayotgan shaxslar ushlangan edi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar B.A. va M.U. umumiy og‘irligi 76,2 gramm bo‘lgan 2 dona oltin tangani 145 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 177-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
N.Abduraimova, O‘zA