Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, inson salomatligiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni kamaytirishga alohida e’tibor qaratish dolzarb masalaga aylanmoqda. Parlament quyi palatasining majlisida ushbu maqsadlarga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Jumladan, ekologik toza hududlarning maqomini belgilash, plastik mahsulotlarning muomalasini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi ekologik tizimlarni, tabiat ob’ektlarini asrash, saqlab qolish va himoyasini kuchaytirish, tabiiy ob’ekt va majmualar degradatsiyasining oldini olishga qaratilgan.
Qonun loyihasida toza hudud rejimi amal qiladigan hududlarda ekologik tizimlar barqarorligining buzilishi va tabiiy landshaftlar ko‘rinishining o‘zgartirilishiga olib keladigan ishlarni amalga oshirishni taqiqlash ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, tabiiy organik polimer mahsulotlardan tashqari bir martalik plastik mahsulotlarni muomalada bo‘lishini cheklash belgilanmoqda. Bundan tashqari, polietilen polimer plyonkali paketlarning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan normalar belgilanmoqda.
[gallery-26773]
Qonun loyihasi mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni saqlash hamda inson salomatligiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni kamaytirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA