Har tong madhiyamiz sadolari ostida yangi kunni kutib olar ekanmiz, uning har bir chuqur ma’noga ega satri, mardonavor va sohir ohangi bizni sehrlab qo‘yayotganini, qalbimizda Vatanimizdan faxrlanish, bugunimizdan shukronalik va ertamizga ishonch hissini jo‘sh urdirayotganini sezamiz.
Madhiyamiz mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etganligi bilan g‘oyat ahamiyatlidir.
Bugun milliy madhiyamizning muazzam sadolari Prezidentimizning turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, yurtimizga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yirik xalqaro anjumanlar, sport musobaqalari va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda eng baland shohsupaga ko‘tarilgan paytida baralla yangrayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Mustaqil O‘zbekiston madhiyasining maqsadi murg‘ak jondagi shaxsni uyg‘otish, yuksak ijtimoiy murod-maqsadlar mezonlariga muvofiq ravishda kamol toptirishdan iboratdir.

Avvalo, madhiyamiz Abdulla Oripov va Mutal Burhonov kabi buyuk ijodkorlarning go‘zal ijod mahsuli ekanini aslo unutmasligimiz lozim. Madhiyamizning dunyo yuzini ko‘rishi bilan bog‘liq eng qiziq xotiralarni shoirning turmush o‘rtog‘i Xanifa Oripova shunday ta’kidlaydi:
- Ertaga sessiya bo‘ladigan kun, Mutal aka kirib keldi. U kishi bilan qo‘shni turar edik. Madhiyaning musiqaga tushmayotgan so‘zlari ustida ishlashlari kerak edi. O‘sha kuni tong saharga qadar ularning xizmatida bo‘lganim bois bitta so‘z uchun qancha vaqt sarflanishiga guvoh bo‘lganman. Hatto, bolalarimiz ham uxlagunlariga qadar xo‘r bo‘lib kuylab ko‘rishdi. Butun oilamiz hayajon bilan Abdulla akaning madhiyasi tanlovdan o‘tishini istadik. Eng qizig‘i, “Olamni mahliyo aylagan diyor” satri “Olamni o‘ziga qaratgan diyor” tarzida edi. “O‘ziga qaratgan” so‘zlari hech musiqaga tushavermadi. Va nihoyat, saharga yaqin uning “Mahliyo aylagan” degan muqobili topildi. Tanlov natijasi esa biz kutgandek bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ra’no Zaripova esa quyidagilarni xotirlaydi:
– Mamlakatimiz bosh Qomusi va gimni qabul qilingan ushbu sessiyada deputat sifatida qatnashgan farzandlarimning otasi, Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist Namoz Sa’dullayevning uyga quvonch bilan kirib kelganligi hamon yodimda. – Mustaqillik tom ma’noda mustahkamlandi. Kecha Konstitutsiyamiz qabul qilingan bo‘lsa, bugun madhiyamiz tarix sahifalariga muhrlandi. Endi u mamlakatimizning ramzi sifatida jahon siyosat maydonlarida jaranglaydi. Vatan mustaqilligi, tinchligi, farovonligi, taraqqiyoti abadiy bo‘lsin. Endi yagona Vatan, yagona taqdirmiz, – degan edi.
Ko‘plab mamlakatlarda davlat madhiyasi aynan maktabdan boshlab o‘rgatiladi va kuylanadi. Masalan, Turkiya Jumhuriyatida maktablarda mashg‘ulotlar davlat madhiyasini kuylash va davlat bayrog‘ini ko‘tarish bilan boshlanadi, Hindistonda esa har kuni soat 9:00 da o‘quvchilar saf tortishib davlat madhiyasini kuylashadi va davlatga sodiqligi bo‘yicha qasamyod qilishadi. Qo‘shni Qozog‘istonning sharqiy va g‘arbiy hududlaridagi davlat maktablarida bir necha yillardan buyon mashg‘ulotlar o‘quvchilarning jo‘r bo‘lib madhiya kuylashidan boshlanadi. Xitoy Xalq Respublikasida har dushanba kuni soat 8:00 da o‘quvchilar stadionga davlat bayrog‘ini tantanali ko‘tarish marosimiga saf tortib, milliy madhiyani kuylashadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
O‘quvchilar ongiga vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirish – davlat madhiyasini kuylatish bilangina cheklanmaydi, ta’lim-tarbiya jarayonida ko‘plab boshqa vositalar va usullar qo‘llaniladi. Ammo, davlat ramzlariga hurmat vatanparvarlik tarbiyasining poydevori hisoblanadi.
Zero, Vatanimiz madhiyasi yangrar ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. U o‘zbek xalqini bir Vatan, bir maqsadga birlashtiruvchi muqaddas qo‘shiqdir.
Musoxon Appaqov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati bo‘limi rahbari,
O‘zA.