Markaziy kon boshqarmasi ko‘plab tarmoqlar va bo‘linmalarni o‘z ichiga olib, har birining belgilangan rejalari, oldiga qo‘ygan vazifalari bor. Ushbu tashkilotlar turli ishlarni bajarsalar-da, yagona maqsad – kon-metallurgiya sanoatining barqaror faoliyat ko‘rsatishiga xizmat qiladi.
“Muruntov” konining maxsus tomosha maydonidan atrofga qarar ekansiz, konda harakatlanayotgan og‘ir yuk ko‘tarish quvvatiga ega avtotransportlarning bir maromda ketma-ket harakatlanayotganini kuzatasiz. Bir qarashda hayratimizni oshiradigan bu jarayon boshqaruvchilari o‘zlarining kamtarin mehnatlari bilan mas’uliyatli vazifani bajarib, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga katta ulush qo‘shmoqda.
– 31 yildan buyon ana shu konda mehnat qilaman. Asosiy vazifam – kondan qazib olinayotgan ma’danni og‘ir konchilik texnikasida belgilangan manzilga yetkazishdir, – deydi “Shuhrat” medali sohibi, Avtomobil transporti boshqarmasining “Muruntov” transport sexi 2-sonli transport uchastkasi haydovchisi Zokir Norov. – Shuncha yillik tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, keyingi yillarda konning chuqurligi oshishi barobarida undan ma’danni tashish hajmi ham murakkablashib bormoqda. Shunga qaramay, bir maqsad yo‘lida ishlayotgan ahil jamoamiz 2-gidrometallurgiya zavodiga uzluksiz ma’dan yetkazib bermoqda. Korxonamizdagi har bir kasb vakili o‘ziga yuklatilgan vazifani mas’uliyat bilan bajarishga odatlangan.

Avtomobil transport boshqarmasi tomonidan “Muruntov” konining 650 metrdan ortiq chuqurlikka ega maydonidan qazib olinayotgan ma’danni 2-gidrometallurgiya zavodiga uzluksiz yetkazib bermoqda. Respublikamizning yirik avtotransport korxonasi hisoblangan boshqarma jamoasi ayni vaqtda “Muruntov” va “Auminzo-Amantoy”, “Balpantov”, “Tomdibuloq”, “Turbay” kabi konlardan tarkibida qimmatbaho metalllar bo‘lgan foydali qazilmalarni belgilangan manzillarga tashish, ma’danlarni yuklash va transportlarga texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Bundan tashqari, korxonaning yo‘l qurilish mashinalari va yuk ortgichlari “Oltinni uyumda ishqorlash sexi” koniga hamda 7-sonli gidrometallurgiya zavodiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Konda dastlab 27 tonnalik BelAz mashinalari ishlatilgan bo‘lsa, ayni paytda tog‘ jinslari yuk ko‘tarish quvvati 220, 254 tonna bo‘lgan avtotransportlarda tashilmoqda. Bugun boshqarmada iqtisodiyotimiz taraqqiyoti yo‘lida unumli foydalanilayotgan 500 dan ortiq “BelAZ”, “Komatsu”, “Caterpillar”, “UzXCMG”, “Volvo”, “Dressta”, “Manitou” kabi og‘ir yuk ko‘taruvchi kon avtotransportlari, yo‘l-qurilish texnikasi va yordamchi transport mashinalarning barchasini ko‘rish mumkin. Ayniqsa, keyingi yillarda avtokorxonaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, transport vositalarining ko‘p va samarali ishlashiga, iqtisodiy tejamkorlikka imkon beruvchi yangiliklar yaratishga, mashina-mexanizmlaridan unumli foydalanishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ta’mirlash-sozlash ishlarini takomillashtirish, ish sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Joriy yilda “Muruntov” koniga “Komatsu 860 Ye-1K” rusumli yuk ko‘tarish quvvati 254 tonna bo‘lgan avtoag‘dargichlar olib kelinib, ishlab chiqarish jarayonida muvaffaqiyatli ishlatilmoqda, – deydi Avtomobil transporti boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Mavlonov. – O‘zbekiston miqyosida birinchilardan bo‘lib sintetik dizel yoqilg‘isi “Caterpillar” va “BelAZ” rusumli avto texnikalarda sinovdan o‘tkazildi va ijobiy natijalarga erishildi. Shuningdek, transport vositalarida sun’iy yo‘ldosh orqali ishlaydigan “Yoqilg‘i nazorati” axborot tizimi joriy etildi. Bu tizim nafaqat tezlikni, shu bilan birga harakat yo‘nalishini, yoqilg‘i hajmi va boshqa ko‘rsatgichlarni ham onlayn tarzda kuzatish imkonini bermoqda.

Qizilqumning qahratoni-yu, saratonidan cho‘chimay faoliyat yuritayotgan konchilar jamoasining ustuvor vazifasi – tog‘-kon massasini tashish hisoblanadi. Bundan tashqari, avtokorxona tarkibidagi eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan ta’mirlash sexlari va bo‘limlari hamda yonilg‘i-moylash materiallari markaziy laboratoriyasida malakali xodimlar tunu kun xizmat faoliyatlarini olib boradi. 2021 yildan boshlab boshqarma tomonidan kunlik tog‘-kon massasini tashish hajmi 1 million tonnadan oshgan bo‘lsa, bugungi kunda bir kunda bajarilayotgan ish hajmi 1 million 200 ming tonnaga yetkazildi.
E’tiborli tomoni shundaki, tashkilotda ishlab chiqarishni rivojlantirishga, reja-topshiriqlarning bajarilishiga qanchalik e’tibor qaratilsa, bu yerda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarga ham shunchalik g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Ularning ishlashi va dam olishi uchun munosib sharoitlar yaratilgan. Uydan ishga va ishdan uyga qatnashlari uchun maxsus transport vositalari ajratilgan. Kon iqlim sharoiti hisobga olinib, maxsus ishchi kiyimlari bilan ta’minlangan. Shuningdek, yilida bir marta sog‘liklarini tiklashlari uchun yurtimizning so‘lim maskanlarida joylashgan sihatgohlarda dam olish imkoniyatiga ega. Albatta, bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlik mehnat unumdorligining oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Nafosat Ziyoyeva,
Markaziy kon boshqarmasi
Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi xodimi.
O‘zA