Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir maktabning 10 nafar o‘quvchisi muddatidan oldin talaba bo‘ldi
14:18 / 2026-02-19

Navoiy shahridagi 8-umumta’lim maktabi viloyatdagi eng namunali o‘quv dargohlaridan biridir. Maktab o‘quvchilari har yili oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallab keladi.

Garchi joriy o‘quv yili hali yakunlanmasdan hozirgi kunga qadar yuqori sinf o‘quvchilari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan fanlar kesimida o‘tkazilgan test sinovlarida faol ishtirok etib, jami 714 ta sertifikat jamg‘arishga ulgurdi. Bu maktabda bilim berish jarayoni tizimli va maqsadli tashkil etilganidan dalolat beradi.

– Mazkur natija faqat alohida iqtidorli o‘quvchilar hisobiga emas, balki umumiy bilim darajasining oshgani bilan ahamiyatlidir, – deydi maktab direktori Foziljon Bo‘riyev. – Shu kunga qadar maktabimizning 10 nafar 11-sinf o‘quvchisi 189 ball to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘ldi. Bu natija davlat test sinovlariga puxta tayyorgarlik yo‘lga qo‘yilganini, o‘quvchilarda maqsadga intilish va ishonch yuqori ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, maktabning ikki nafar bitiruvchisi nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabasiga aylangani ta’lim sifati xalqaro talablarga ham moslashayotganidan darak beradi.

Albatta, bu kabi muvaffaqiyatlar zamirida fidoyi va o‘z kasbining bilimdonlari bo‘lmish ustozlar mehnati yotadi. Ayni paytda maktabda faoliyat olib borayotgan pedagoglarning 80,1 foizi turli toifaga ega. Bu ko‘rsatkich o‘qituvchilarning malakasi muntazam oshirib borilayotgani, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanilayotgani va fanlarni chuqur o‘qitishga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy ifodasidir.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri