Sinxua axborot agentligi “Bir makon, bir yo‘l” loyihasining dunyo mamlakatlari iqtisodiyotiga ta’siri haqida maqola chop etdi.
“2020 yilda yangi COVID-19 epidemiyasi avj olgani tufayli jahon iqtisodiyoti pasayishda davom etmoqda va rivojlanish bilan bog‘liq muammolar misli ko‘rilmagan tus olmoqda. Murakkab va ko‘p deformatsiyali vaziyat sharoitida "Bir makon, bir yo‘l" xalqaro hamkorlik loyihasi mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantiradi, yo‘l bo‘ylab iqtisodiy va ekologik imkoniyatlarni kengaytiradi”, – deyiladi xabarda.
Bir necha kun oldin Pekinda bo‘lib o‘tgan "Bir makon, bir yo‘l" xalqaro hamkorlik sammiti maslahat qo‘mitasining videokonferensiya shaklidagi majlisida Xitoy davlat kengashi a’zosi va tashqi ishlar vaziri Van I "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashda o‘ta chidamlilik va hayotiylikni namoyish etganini ta’kidladi.
“Loyiha iqtisodiyotni barqarorlashtirish va odamlar hayotini himoya qilishda muhim rol o‘ynadi, – dedi Van I.
Hozirga qadar Xitoy 138 mamlakat va 31 xalqaro tashkilot bilan birgalikda “bir makon, bir yo‘l”ni barpo etish bo‘yicha 201 ta hujjat imzolagan, aytish joizki, ishning barcha jabhalarida ijobiy natijalarga erishilgan. Pandemiya barcha mamlakatlarning aloqalarini izdan chiqargan bo‘lsa-da, ularning rivojlanishga intilishi uyg‘unlashib ketgani va "Bir makon, bir yo‘l" hamkorligi xalqlar farovonligini oshirishiga umid tuyg‘usi kuchli ekanini dunyodagi mavjud vaziyat ko‘rsatmoqda.
"Bir makon, bir yo‘l" hamkorligi umumiy taraqqiyotga yordam berishning haqiqiy samarasi ekani bilan tobora ko‘proq mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda”, – deyiladi xabar yakunida.
Shohida Jalilova