Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bir makon – bir yoʻl” taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni yaratib beradi
18:40 / 2019-04-19

25-27 aprel kunlari Pekinda boʻlib oʻtadigan ikkinchi “Bir makon – bir yoʻl” forumida 37 ta mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.


25-27 aprel kunlari Pekinda boʻlib oʻtadigan ikkinchi “Bir makon – bir yoʻl” forumida 37 ta mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I maʼlum qildi. Uning soʻzlariga qaraganda, forum ishida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ijrochi direktori Kristin Lagard va Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterresh ham ishtirk etadi. Van Ining maʼlum qilishicha, 25 aprel kuni 12 ta mavzu boʻyicha forum va konferensiyalar boʻlib oʻtadi, 26 aprelda esa anjumanning tantanali ochilishi va oliy darajadagi uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. 27 aprelda esa davlat va hukumat rahbarlari yalpi majlisida ishtirok etadi. Forumning barcha tadbirlariga XXR rahbari Si Szinpin raislik qiladi. Xitoy tashqi ishlar vazirining soʻzlariga qaraganda, bu yilgi forumda Rossiya, Pokiston, Avstriya, Misr, Gretsiya, Vengriya, Italiya, Filippin, Singapur kabi davlatlarning yetakchilari ishtirok etadi. Umumiy hisobda anjumanda 150 ta davlat va tashkilot vakillari qatnashadi. Eslatib oʻtamiz 2017 yilning may oyida boʻlib oʻtgan birinchi forumda 29 ta mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari qatnashgan edi.

Pekinning “Bir belbogʻ – bir yoʻl” loyihasi uchta qitʼaning 60 ta davlatini qamrab oladi. Loyiha xitoyliklar sivilizatsiya beshigi sifatida koʻradigan Sian shahri (Shensi viloyati)dan boshlanadi. Soʻnggi yillarda bu viloyat kompaniyalari xorijdagi hamkorlari bilan aloqalarini ancha faollashtirgan.

Xitoy 2013 yilda Yevroosiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida “Bir makon – bir yoʻl” deb nomlangan iqtisodiy taraqqiyotning yangi strategiyasini eʼlon qildi. Shu tariqa, Xitoy raisi Si Szinpin koʻp asrlik Buyuk Ipak yoʻlini qayta tiklash borasidagi oʻz gʻoyalarini amalga oshirmoqda. Buyuk Ipak yoʻli eramizdan avvalgi 2-asrda paydo boʻlgan. Bu yoʻl Xitoydan boshlanib Markaziy Osiyo mamlakatlari, Hindiston, Eron, Gretsiya, Kavkaz davlatlari orqali Yevropagacha yetib borgan. Rejaga koʻra, Xitoyni Yevropa bilan bogʻlovchi yangi Buyuk Ipak yoʻli oʻtadigan mamlakatlarning infratuzilmalari rivojlanishiga Xitoy sarmoyalarini kiritish koʻzda tutiladi. Bu borada hukumat mamlakatdagi kompaniyalarni ragʻbatlantirish yoʻlida bir qator chora-tadbirlar koʻrilishini eʼlon qildi. Loyihaga koʻra, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, Janubiy-Sharqiy Osiyo va Yevropaning ayrim mintaqalari moliya bilan taʼminlanadi. Tahlilchilarning fikricha, yangi Buyuk Ipak yoʻlining tashkil qilinishi Xitoyni jahondagi yetakchi davlatlardan biriga aylantirishni maqsad qilib qoʻygan. Mutaxassislar, Xitoy oʻzining temiryoʻl va qurilish kompaniyalari xorijga chiqishidan manfaatdor ekanligini aytadi. Yangi Strategiya hayotga tatbiq etilar ekan, yangidan-yangi imkoniyatlar paydo boʻlmoqda. Sharhlovchilarning soʻzlariga qaraganda, Xitoy iqtisodiy taraqqiyot yoʻlidan borar ekan, jahonning boshqa mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaror qilgan. Yangi Ipak yoʻlining imoniyatlari katta ekani aytilmoqda. “Iqtisodiy belbogʻ” deb atalmish yangi loyiha tufayli mintaqa mamlakatlarining iqtisodi rivojlanib, savdo-sotiq koʻpayadi. Yangi Ipak yoʻli Xitoy viloyatlarini qoʻshni davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatini yaratadi. Xitoy yangi Ipak yoʻli orqali nafaqat qadimiy Ipak yoʻlini tiklaydi, balki Yevroosiyo mintaqasida yangi savdo-iqtisodiy model yaratishiga hissa qoʻshadi. Yaʼni mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtariladi.

Yangi Buyuk Ipak yoʻli Xitoy va boshqa mamlakatlarga taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni yaratib beradi, demoqda tahlilchilar.