Prezident tashabbusi – amalda
Sayyoramizda oziq-ovqat tanqisligi kuzatilayotgan bir paytda mamlakatimizda tabiiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga e’tiborning kuchaytirilayotgani xalqimizning tinch, obod turmushi va dasturxonlari to‘kinligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning o‘tgan yil noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan belgilab berilgan muhim vazifalarida ham ana shunday ulkan maqsadlar o‘z ifodasini topgan.
Agrar tarmoq rivojlangan Surxondaryo viloyatida ham mavjud ekin maydonlaridan samarali foydalanish, almashlab ekishni joriy etish orqali quyosh nuriga to‘yingan, servitamin oziq-ovqat mahsulotlari ishlar chiqarish hajmi o‘sib bormoqda. Aholi tomorqasida yetishtirilayotgan sarxil poliz, sabzavot mahsulotlari, dukkakli ekin, uzum va mevalarning oila ehtiyojidan ortiq qismi ham bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlayotir. Jumladan, o‘tgan yil viloyatda 482 ming 900 aholi tomorqasining 49,5 ming gektar ekin maydonida almashlab ekish orqali to‘qsonbosti ekinlaridan 782 ming 465 tonna, ertaki ekinlardan 953 ming 607 tonna va takroriy ekinlardan 559 ming 205 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi. Yoki 1 million 652 ming tonna sabzavot, 326 ming tonna kartoshka, 140 ming tonna poliz, 16 ming tonna dukkakli va moyli, 161 ming tonna boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yig‘ishtirib olindi.

Sifatli va mo‘l oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun mahallalarning bir mahsulot parvarishlashga o‘tayotgani ham yutuqlar omili bo‘lmoqda. Jumladan, viloyatda hududlarning tuproq, suv va iqlim sharoiti hamda joylarda yashaydigan tomorqa yer egalarining dehqonchilik tajribalari tahlil qilinib, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida 572 ta mahalla ma’lum bir turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Ayni paytda ularning 318 tasi sabzavotchilik, 76 tasi kartoshkachilik, 13 tasi polizchilik, 91 tasi meva va bog‘dorchilik yo‘nalishida turli mahsulot yetishtirmoqda.

Vohada issiqxonachilik yiliga ikki-uch marta hosil olish manbaiga aylandi. Hozir vohadagi 13 mingdan ortiq tomorqaning 234 gektar maydonida barpo etilgan ixcham issiqxonada qishin-yozin turli noz-ne’mat parvarishlanayotir. 50 ming 600 dan ortiq tomorqa yer egalariga 286 ta “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati va 8 ta tomorqachilik klasterlari yer tayyorlash, kimyoviy ishlov berish, ixcham issiqxonalar qurish, urug‘, ko‘chat va mineral o‘g‘itlar yetkazib berish kabi xizmatlar ko‘rsatmoqda. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 21 ta mahallada 79 ta kichik va katta hajmli vertikal sug‘orish quduqlari ishga tushirilib, 498 xonadonning 56,8 gektar tomorqasida kamidaikki marta almashlab ekish imkoniyati yaratildi. Tomorqachilik infratuzilmasini rivojlantirish uchun Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 44 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratdi. Aholi tomorqalarida yetishtirilgan mahsulotlari saqlanadigan 74 ta kichik hajmli sovitkich omborlari va 101 ta mini quritish, saralash va qadoqlash uskunalari tashkil etildi.
Joriy yil uchun viloyatdagi tomorqalarda ertagi piyoz kartoshka, pomidor, bodring, turli ko‘kat va boshqa ziroatlar parvarishlanmoqda.

– Tomorqa qo‘shimcha daromad keltiradigan yaxshi manbaga aylandi, – deydi Denov tumanidagi Chorgul mahallasida yashaydigan Muslimbek Rahmatullayev. – Issiqxonada limon va boshqa sitrus meva parvarishlaymiz. Ochiq maydonda pomidor, bodring yetishtiramiz. Yil o‘n ikki oy qilgan mehnatimiz evaziga to‘q, to‘kin yashayapmiz. Ro‘zg‘orimizning kamu ko‘stini bitkazyapmiz.

Qishloq aholisining daromad, oilalarning to‘kin turmush manbaiga aylangan tomorqachilikni yanada rivojlantirish uchun 144 ming gektar yerda ertagi, takroriy va to‘qsonbosti usullarida sabzavot mahsulotlari yetishtirish ham rejalashtirilmoqda. 598 ta mahallani “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ma’lum bir turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish, 237 gektar tomorqada yiliga uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish uchun 13 ming 200 ta ixcham issiqxona tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Meva-sabzavot ko‘p yetishtiriladigan Qumqo‘rg‘on tumanida aholi tomorqalariga kompleks xizmat ko‘rsatadigan tomorqa xizmati klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 18 ta mahalladagi 510 dan ortiq aholi tomorqasida suv ta’minotini yaxshilash orqali 58,2 gektar ekin maydonida kamida ikki marta almashlab ekish imkoniyati yaratiladi. Tomorqachilik infratuzilmasini rivojlantirish uchun Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 22,4 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Tomorqalardan oqilona foydalanishning yo‘lga qo‘yilayotgani yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlab, bozorlarimizda narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olayotgani, aholi tinch, to‘kin va farovon turmush kechirayotgani ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri