Fotoreportaj
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash hamda agrar sohada aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning daromadlarini oshirish, shuningdek, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish yuzasidan bir qancha vazifalar belgilangan.
[gallery-8994]
Beruniy tumani “Navoiy” ovul fuqarolar yig‘inida ushbu vazifalar ijrosi, xususan, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hududda 7 ming 647 nafar aholi istiqomat qiladi. Ular asosan qishloq xo‘jaligi va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Ovulda sabzi yetishtirish bo‘yicha katta maktab yaratilgan.
–G‘alladan bo‘shagan 10 gektar joy har bir yoshga 33 sotixdan ajratib berildi, - deydi “Navoiy” ovul fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Mansur Urazaliyev. – Shu bilan birga ularga agrotexnik tadbirlar hamda ekish ishlarida ko‘maklashildi. O‘rtacha hisobda 1 sotix joydan 1 tonna mahsulot yetishtirish mumkin. Demak, har bir yosh mavsum davomida kamida 15-20 million so‘m daromad qilish imkoniyatiga ega. Ular yetishtirgan mahsulotga xaridor ham tayyor.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA