10 sotixlik tomorqasidan daromad topib, orzulari ushalayotgan Erkin Islomovning xonadonini mahalla-ko‘y yaxshi biladi. Ko‘pchilik ularni “mehnatkashlar oilasi” deb havas bilan qarashadi. Bunga sabab bor. O‘z mehnati va izlanuvchanligi tufayli 3 nafar farzandini nufuzli oliygohlarda shartnoma asosida o‘qitayotgan oilaga havas qilsa arziydi.
Ular mahallaga yangi, serdaromad o‘simlikni olib kirdilar. Gap shundaki, avvallari mahalla tomorqalarida brokkoli karami yetishtirilmagan. Erkin aka ushbu o‘simlikning xususiyatlarini, parvarish qilish agrotexnikasini yaxshilab o‘rganib chiqib, qo‘shni xonadonlarga ham o‘rgatdi. Natijada, endi hududda “bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida eksport ham yo‘lga qo‘yildi.
- Ushbu karamlarni 25-yanvarda ekishni boshlaganmiz, -deydi tomorqa egasi Erkin Islomov. – Undan oldin 40 kun davomida ko‘chat tayyorladik va ko‘chatning bir qismini sotdik. Sovuq kunlari “duga” yordamida isitdik. Mart oyidan boshlab sotishni boshladik. Mahalliy o‘g‘it beramiz, yer kuchli bo‘lsa hosil ham chiroyli bo‘ladi. 2 marta yerdan hosil olamiz. 2006-yilda shu hunarni boshlagan bo‘lsam, bir-ikki xonadon shu ish bilan shug‘ullanardi. Hozirda mahallaning 80 foiz tomorqachilari shu o‘simlikni yetishtiryapti.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, brokkolli tarkibidagi vitaminlar, mineral tuzlar va boshqa faol moddalar turli yoshdagi insonlar uchun foydali mahsulot hisoblanadi. Keksalarda aterosklerozga qarshi foydali elementlari ham mavjud. Uni soch tolalarini tiklashda, nurlanish kasalliklarini davolashda, teri va suyak to‘qimalarini shakllanishida qo‘llash yaxshi samara beradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Ge4mNwGpIhA" title="“Bir mahalla – bir mahsulot” samarasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA