Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bir kunda soʻngan uch yorqin yulduz: ular nega sud hukmisiz qatl etilgan?
09:39 / 2020-10-04

Vatanimiz tarixidagi 4-oktyabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.

Kun tarixi

Vatanimiz tarixidagi 4-oktyabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.

1896-yil (bundan 124-yil oldin) – tarixchi olim Abdulahat Muhammadjonovning qayd etishicha, samarqandlik savdogar Rextzamer Amudaryo kanali toʻgʻrisida 14 moddadan iborat Rossiya va Buxoro amirligi oʻrtasida tuziladigan maxsus shartnoma loyihasini ishlab chiqib, uni Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agenti Ignatyevga yoʻlladi. Rus va fors-tojik tillarida tuzilgan bu hujjatda Amudaryo kanali qurilishi boʻyicha asosiy shartlar belgilab chiqilgan edi.

1938-yil (bundan 82 yil oldin) – XX asr oʻzbek madaniyatining bebaho yorqin yulduzlari: Fitrat, Abdulla Qodiriy va Choʻlpon bir kunda Toshkent atrofidagi Yunusobod qatlgohida otib tashlandi. Bu vaqtda yozuvchi, olim, davlat va jamoat arbobi Fitrat 52 yoshda, yangi oʻzbek adabiyotining ulkan namoyandasi, oʻzbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy 44 yoshda, mashhur shoir va yozuvchi, jamoat arbobi Choʻlpon esa 40 yoshda edi.

Dahshatlisi shundaki, ularni otish haqidagi SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor yigʻilishi hukmi hukm ijro etilganidan bir kun keyin, yaʼni 1938-yil 5-oktyabrda chiqqan. Dushmanlar xalqimizning asl farzandlarini tezroq yoʻq qilishga, odamlarni maʼnaviyat buloqlaridan bebahra qoldirishga shoshilganlar. Abdulla Qodiriy 1956-yil 9-oktyabrda, Fitrat va Choʻlpon esa 1957-yil 1-avgustda oqlangan.

2006-yil (bundan 14 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 10 bob, 69 moddadan iborat.

2011-yil (bundan 9 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun 28 moddadan iborat.

2013-yil (bundan 7 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 4 bob, 33 moddadan iborat.

2017-yil (bundan 3 yil oldin) – poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomli Kino saroyida buyuk mutafakkir Abu Ali Ibn Sino hayotiga bagʻishlangan “Sharqdan taralgan nur” badiiy-hujjatli filmining premyerasi boʻlib oʻtdi. Filmga jahonga mashhur qomusiy olim Ibn Sinoning buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy bilan tanishuvi asos qilib olingan. Kinolavhalar mamlakatimizda, shuningdek, Eron, Fransiya va Rossiyada tasvirga olingan.

2018-yil (bundan 2 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

2019-yil (bundan 1 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganing oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”ga qarori imzolandi.

Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi