Jamoat transporti tizimini rivojlantirish nafaqat yo‘llardagi tirbandlikni oldini olishda, balki yo‘lovchilarning xavfsiz va tezkor harakatlanishi hamda ekologiyaga bo‘lgan yukni kamaytirishda muhimdir.
Toshkent shahrida 5 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi, ro‘yxatdan o‘tgan 800 mingga yaqin avtotransport mavjud. 2030-yilga kelib O‘zbekistonda jamoat transportidan foydalanish darajasini 40 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Aholi sonining muntazam ortib borayotgani tufayli jamoat transportiga ehtiyoj va talab ham tobora oshmoqda.
“Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yil 5-mart kuni “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi xizmatidan kun davomida 903 mingdan ziyod yo‘lovchi foydalandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan 2021-yilga nisbatan 3 barobarga, 2016-yilga nisbatan esa 6 barobarga ko‘p yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatildi deganidir.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, sohada bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, jamoat transportidan foydalanishda yo‘lovchilar uchun qulay tariflarni joriy etish hamda elektron to‘lovlarni ommalashtirish maqsadida bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda, imtiyozli va bepul, kunlik, bir, uch va olti oylik, yillik cheklanmagan tariflar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shuningdek, shahar yo‘lovchilar transportida bepul yurish huquqiga ega ayrim toifadagi fuqarolar uchun imtiyozli transport kartalari joriy etilgani ham ayni muddao bo‘ldi.
Umuman olganda, jamoat transporti bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash aholining uzog‘ini yaqin qilib, xarajati va vaqtini tejashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,O‘zA